KXDR Rossiyani «muqaddas urushda» qo‘llab-quvvatlaydi – KXDR tashqi ishlar vaziri

Jahon 18:23 / 01.11.2024 12370

KXDR tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi va Moskva bilan Pxenyan o‘rtasidagi hamkorlik «yengilmas harbiy sheriklik, shuningdek, yuz yillik istiqbolga ega strategik munosabatlar» darajasiga chiqayotganini aytdi. Bu haqda The Insider xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush boshidanoq «davlat raisi Kim Chen In hech kim va hech narsaga e’tibor bermay, o‘zgarmas va qudratli tarzda Rossiyani «muqaddas urushda» qo‘llab-quvvatlash» haqida ko‘rsatma bergan.

«G‘alabali kungacha biz doimo rossiyalik o‘rtoqlarimizning yonida turamiz», dedi Chxve Rossiya vaziriga. Biroq, u yordam qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.

Chxve, shuningdek, «hozirgi vaziyat o‘z mamlakatidan strategik va hujumkor yadroviy qurollarni kuchaytirishni, shuningdek, yadroviy javob zarbasiga tayyorlikni oshirishni» talab etishini ta’kidladi.

Lavrov Chxvening bayonotiga javoban, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar «misli ko‘rilmagan yangi bosqich»ga chiqqanini qayd etdi hamda «siyosiy muloqotning jadalligi nuqtai nazaridan hamkorlikning strategik xususiyatini» ta’kidladi. Shuningdek, u Rossiya va KXDR o‘rtasidagi razvedka xizmatlari orqali aloqalar ikki davlat xavfsizligida katta rol o‘ynashini aytdi.

Avvalroq, iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va KXDR rahbari Kim Chen In har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

Shundan so‘ng, Janubiy Koreya matbuoti KXDR Ukraina bilan jang qilish uchun Rossiyaga 12 ming askar yuborilgani haqida yozdi. Keyinroq KXDR askarlarining Uzoq Sharqdagi mashg‘ulotlari aks etgan video paydo bo‘ldi.

KXDR Rossiyaga harbiy xizmatchilar yuborilishi haqidagi xabarlarni mish-mish deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: