“Hindiston va pokistonliklarga nisbatan ksenofobiya kuzatilgan”. Qirg‘izistonda xorijlik talabalar xush ko‘rilmayaptimi?

Jahon 17:59 / 01.11.2024 10445

2022 yilda Qirg‘iziston xorijiy talabalar soni bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan o‘quv yilida mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 29 mingga yaqin xorijiy talaba tahsil olgan. Ular asosan Hindiston va Pokistondan kelgan bo‘lib, respublikada tibbiyot sohasida bilim oladi. Biroq joriy o‘quv yilida talabalar soni kamayishidan jiddiy xavotirlar mavjud — bunga 2024 yil may oyida Bishkekda sodir bo‘lgan tartibsizliklar va ular oqibatida o‘ttizga yaqin xorijlikning yaralanishi sabab bo‘lmoqda, deya ta’kidlanadi Deutsche Welle maqolasida.

Voqeadan so‘ng Qirg‘iziston hukumati xorijliklar xavfsizligini ta’minlashni o‘z nazoratiga olishini ma’lum qilgandi. Qirg‘iziston prezidenti imzolagan farmonga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari boshqa davlatlardan kelgan talabalar uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Shuningdek, Respublika Jinoyat kodeksiga chet el fuqarolariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu chora-tadbirlar qanchalik samara berishi haqida hozircha bir narsa deyish qiyin.

Migrantlar integratsiyasi muammosi

May oyidagi tartibsizliklardan keyin chet el fuqarolariga yordam berish uchun birinchilardan bo‘lib ko‘ngillilar harakatini tashkil etgan tibbiyot universiteti o‘qituvchisi Perizat Anarbekova o‘sha voqealarda asosan pokistonlik va hindistonlik talabalar jabr ko‘rganini eslaydi: “U yerda talabalarim bor edi, ular menga video yuborishdi, yordam so‘rab, himoya so‘rab”.

Uning fikricha, mojaro uzoq vaqtdan beri yetilayotgan muammoni yuzaga chiqargan: “Talabalar kaltaklangan, ularning telefonlari tortib olingan... Lekin bundan oldin ham bizda Hindiston va Pokistondan kelgan mehmonlarga nisbatan ksenofobiya holatlari kuzatilgandi”.

Anarbekova buni Bishkekning ayrim tumanlarida chet elliklar ko‘paygani bilan bog‘laydi, ular orasida nafaqat talabalar, balki Qirg‘izistonga ishchi vizasiz kelib, noqonuniy ishga joylashadiganlar ham bor. Bu esa mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Perizat Anarbekovaning fikricha, ayniqsa, pokistonliklar va hindistonliklar uchun yuzaga kelayotgan muammolarning asosiy sababi til: “Masalan, turklar bilan muammo yo‘q, ular uchun qirg‘iz tilini o‘rganish oson bo‘ladi. Rus tilida so‘zlashuvchilar bilan ham shunday. Biz 70 yil davomida Sovet Ittifoqining bir qismi bo‘lganmiz, rus tilini bilamiz, shu sababli ruslarda ham integratsiya bilan bog‘liq muammolar yo‘q... Muammo shundaki, bizda ingliz tilini biladiganlar kam, chet ellik talabalar esa na qirg‘izcha, na ruscha gaplasha oladi. Natijada, ular uchun jamiyatga qo‘shilish, muloqot o‘rnatish, mahalliy aholi orasidan do‘stlar topish qiyinchilik tug‘diradi”.

Hindiston va Pokistonda Qirg‘iziston OTMlari reytingi

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aynan may oyidagi tartibsizliklar sababli Hindiston va Pokistonda qirg‘iz tibbiyot oliy o‘quv yurtlari reytingi sezilarli darajada o‘zgargan: ilgari Qirg‘iziston talabalarni jalb qilish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelgan bo‘lsa, bu yil Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu haqda Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlari vakillari DW nashriga ma’lum qildi.

Qirg‘iziston xalqaro universiteti Xalqaro tibbiyot maktabi rektori, tibbiyot fanlari doktori Asilbek Aydaraliyevning aytishicha, may pogromlaridan oldin universitetda 2800 nafar xorijlik talaba tahsil olgan, endi bo‘lsa 2300 nafari qolgan. Rektor mamlakat tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni yangi o‘quv yilida yanada kamayishi mumkinligini istisno etmayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pokistonlik va hindistonlik talabalarning tibbiy ta’limga talabi kamaygan. “Eng yomon holatda o‘quv dasturi va budjetni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi, bu shtatlar qisqarishiga olib kelishi mumkin”, — deydi Aydaraliyev.

“Yomon odamlar bor, yomon millat yo‘q”

Pokistonlik talaba Shahruz Xon shu yilning kuzida Bishkekka qaytgan talabalardan biri. U yaqinlari uni ortga qaytmaslikka undashgani haqida aytib berdi. Biroq talaba universitetni tashlamaslikka qaror qilgan, chunki Qirg‘izistondagi o‘qishini tugatishga atigi bir yarim yil qolgandi.

Bundan tashqari, u rus tilida bemalol gapiradi, mahalliy aholi bilan muloqot qiladi va do‘stlar orttiradi. Shahruz tartibsizliklar haqida pokistonlik do‘stlaridan eshitgan — u xunrezliklar sodir bo‘lgan yotoqxonada emas, xususiy kvartirada yashaydi. O‘sha kunlarda qo‘shnilari unga oziq-ovqat sotib olib berishgan, uni bosqinchilardan himoya qilishga tayyor turishgan. “Yomon odamlar bor, yomon millat emas”, — deydi Shahruz.

Fotima Xur ham Pokistondan, u Bishkekdagi tibbiyot universitetlaridan birida tahsil oladi. Uning aytishicha, ayrim talabalar ota-onalarining qattiq xavotiri sabab o‘qishga qaytmagan. Qiz o‘zining ota-onasi ham qo‘rqqanini aytdi, ammo ular baribir ta’limni muhim deb hisoblab, uning qaytishiga to‘sqinlik qilmagan. Bundan tashqari, qizning o‘qishiga anchagina mablag‘ sarflangandi.

Fotimaning aytishicha, tartibsizliklardan so‘ng Qirg‘iziston hukumati vakillari xorijiy talabalar yotoqxonasiga tashrif buyurib, ularning xavfsizligi ta’minlanishiga ishontirgan. U vaziyat yaxshilanishiga umid qilmoqda: “Endilikda mahalliy aholi chet elliklar yoki xorijiy talabalarga zarar yetkazilsa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishini tushunadi”.

Fotimadan farqli o‘laroq, 2024 yilning yozida poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qishni tamomlagan hindistonlik talaba Vipinning fikricha, vaziyat unchalik o‘zgarmagan, xorijiy talabalar bundan keyin ham muammolarga duch keladi. Muvaffaqiyatli integratsiya uchun chet ellik talabalar birinchi navbatda tilni o‘rganishi kerak, deya u o‘z tajribasini misol qilib keltirdi. Bishkekka kelgach, Vipin darhol rus tilini o‘rganishga kirishgan, bu unga mahalliy talabalar bilan tanishish va do‘stlashish imkonini berdi.

Qirg‘iziston migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatga aylanmoqda

2024 yil sentabr oyida Xalqaro migratsiya tashkiloti veb-saytida “Qirg‘izistondagi xorijiy talabalarga nisbatan mavjud g‘arazlar va xulq-atvor amaliyotlari tahlili” nomli tadqiqot natijalari e’lon qilindi.

Tashkilotning Qirg‘izistondagi media va kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassisi Zulayka Yesentayevaning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadqiqot o‘tkazish zarurati so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda chet ellik muhojirlar, ayniqsa, chet ellik talabalar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq.

“Gap shundaki, Qirg‘iziston har doim muhojirlarni xorijga jo‘natuvchi mamlakat hisoblangan, ya’ni doim mehnat muhojirlarini asosan Rossiyaga yuborganmiz... Hozirgi kunda Qirg‘iziston ham qabul qiluvchi mamlakatga aylanmoqda. Bu asosan ta’lim muhojirligi: yurtimizga Pokiston, Hindiston, Bangladesh, va albatta, MDH davlatlaridan talabalar kelishmoqda”, — deya izoh berdi u.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Bishkek va O‘shdagi so‘rovda qatnashgan mahalliy aholining aksariyati (77 foiz) chet ellik talabalardan xavotirlanmaydi. Biroq Qirg‘izistonning migratsiya siyosati haddan tashqari ko‘p muhojirlar kirib kelishiga yo‘l qo‘ymoqda deb hisoblovchi respondentlar ulushi 2023 yildagi 26 foizdan 2024 yilda 34 foizgacha ko‘tarilgan. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati chet ellik talabalar ularning xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

“Umuman olganda, tadqiqot Qirg‘izistonning ikki yirik shahrida mahalliy aholining immigratsiyaga ijobiy munosabati pasayib borayotganini ko‘rsatuvchi salbiy, biroq yaqqol ifodalanmagan tendensiyani ko‘rsatmoqda. Bu tendensiya 2024 yil mayda Bishkekda mahalliy yoshlar va chet ellik talabalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda aks etdi”, — deyiladi tadqiqotda.

Ko‘proq yangiliklar: