Britaniya bosh vaziri: UNRWA'ni taqiqlash qonuni G‘azoga xalqaro gumanitar yordam yetkazilishiga tahdid soladi

Jahon 08:55 / 01.11.2024 1196

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Isroil parlamentida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) Isroildagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishidan xavotir bildirdi. Starmer qonunning G‘azodagi barcha xalqaro gumanitar yordamlarga va bosib olingan G‘arbiy sohildagi muhim sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlariga tahdid solishi haqida ogohlantirdi.

Bosh vazir idorasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda Starmer Knessetning qonun loyihasini ma’qullashi UNRWA'ning falastinliklar nomidan muhim vazifalarni bajarishini imkonsiz qiladi, dedi. U G‘azodagi gumanitar vaziyat qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetganini ta’kidlab, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni ozod qilish va insonparvarlik yordamini oshirishga chaqirdi.

Starmer, shuningdek, Isroil xalqaro majburiyatlariga muvofiq, G‘azoning tinch aholisi uchun yetarli darajada insonparvarlik yordamini ta’minlashi kerakligini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, faqat UNRWA bunday miqyosdagi gumanitar operatsiyani tezda tashkil etishga qodir.

«Biz ushbu mojaroda halok bo‘lgan 222 nafar UNRWA xodimini xotirlaymiz. UNRWA BMT tomonidan falastinlik qochqinlarga yordam berish vakolatiga ega va biz isroillik qonun chiqaruvchilarni uning asosiy faoliyati davom etishini ta’minlashga chaqiramiz», dedi Starmer.

Knessetdagi ovoz berishda 120 deputatdan 92 nafari UNRWA'ning Isroilda faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, 10 deputat esa qarshi ovoz berdi.

Ko‘proq yangiliklar: