AQSh Janubiy Koreyani yadro quroli bilan himoya qilishga tayyor

Jahon 08:05 / 01.11.2024 4632

Qo‘shma Shtatlar Janubiy Koreyani himoya qilishga to‘liq sodiq va buning uchun har qanday vositalarni, jumladan, yadroviy qurolni ham qo‘llashga tayyor. Bu haqda 31 oktyabr, chorshanba kuni Vashingtonda o‘zining janubiy koreyalik hamkasbi Kim Yon Xyon bilan qo‘shma matbuot anjumanida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, AQShning tiyib turish bo‘yicha majburiyati o‘zgarishsiz qolmoqda. Ular «Amerika mudofaa qobiliyatining to‘liq spektri — oddiy raketa tizimlari, yadroviy va ilg‘or yadroviy bo‘lmagan qurollar bilan qo‘llab-quvvatlanadi», deb tushuntirdi Ostin.

Shu bilan birga, Pentagon rahbari Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar qayta tiklanishini e’lon qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki davlatning «jangovar tayyorgarligini sezilarli darajada kuchaytiradi».

Kiyev va Seul KXDRga qarshi turish uchun aloqalarni faollashtirmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy janubiy koreyalik hamkasbi Yun Sok Yol bilan Kiyev va Seulning Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ishtirok etishi kutilayotgani fonida telefon orqali muloqot qildi. «Biz Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga aloqadorligini muhokama qildik, faqat bitta xulosa bor – bu urush xalqaro tus olmoqda va ikki davlat chegarasidan tashqariga chiqmoqda», — deb yozgan Zelenskiy 29 oktyabr kuni Telegramʼda.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Janubiy Koreya prezidentiga «3 ming Shimoliy Koreya harbiylarini jangovar zonaga yaqin hududdagi Rossiya poligonlariga o‘tkazish va ularning sonining taxminan 12 mingga ko‘payishi kutilayotgani haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etgan».

«Biz razvedka ma’lumotlari va tajriba almashishni kuchaytirish, keskinlashuvga javoban harakatlar strategiyasi va qarshi choralar ro‘yxatini ishlab chiqish, shuningdek, umumiy hamkorlarni jalb qilish uchun barcha darajalarda, jumladan, eng yuqori darajadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldik», dedi u. Zelenskiy ushbu kelishuvlar doirasida Kiyev va Seul yaqin orada harakatlarni muvofiqlashtirish uchun delegatsiyalar almashishini qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: