XXR hukumati Xaynan provinsiyasi va Janubiy Xitoy dengizi orollarida qiymati 50 milliard dollardan oshadigan harbiy obektlarni qurdi. Bu haqda Pentagon buyurtmasi asosida faoliyat yuritadigan Long Term Strategy Group (LsG) tadqiqot guruhi xabar berdi.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, Xaynan va Janubiy Xitoy dengizidagi harbiy obektlarning umumiy qiymati 50 milliard dollardan oshadi. LsG’ning ta’kidlashicha, bu AQShning Gavayi orollaridagi barcha harbiy obektlari qiymatidan ham oshadi.
Xususan, Xitoy Xaynandagi «Yulin» harbiy-dengiz bazasi uchun 18 milliard dollar sarflagan — buni AQSh Qurolli kuchlarining Tinch okeanidagi muhim bazasi hisoblanuvchi «Perl-Xarbor—Xikem» bilan solishtirish mumkin. Shuningdek, ushbu hududda ballistik raketalarga ega atom suvosti kemalari uchun baza mavjud. Bundan tashqari, tog‘ yonbag‘ridan qazilgan ulkan g‘orda sun’iy yo‘ldoshlar kuzatuvidan yashiringan suvosti kemalari bo‘lishi mumkin.
Xaynan provinsiyasida qurollanish omborlari ham joylashgan, ayrimlarida hamon qurilish davom etmoqda. Harbiy-dengiz kuchlari obektlarining butun majmuasi suvosti kemalariga qarshi va zenit raketalarining raketa batareyalari bilan himoyalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu provinsiyada uchta yirik harbiy aerodrom, jumladan, uzoq masofaga uchishga qodir samolyotlarga ega «Linshuy» aviabazasi ham joylashgan. Orolda 2019 yilda XXR Raketa qo‘shinlarining bazasi qurilgan: u yerda DF-21D kemalarga qarshi raketalari saqlanadi. Shuningdek, orolda razvedka sun’iy yo‘ldoshlari hamda sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlarini uchirishda foydalaniladigan «Venchan» kosmodromi joylashgan.
LsG’ning qayd etishicha, Xaynandagi infratuzilmadan tashqari, Xitoy Janubiy Xitoy dengizida 15 milliard dollarlik harbiy obektlarni qurgan: bu AQShning Guam orolidagi harbiy bazalaridan ham qimmat demak.