Shavkat Mirziyoyev Navoiydagi kimyoviy zavod faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston 16:34 / 31.10.2024 7448

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari Navoiy shahridagi Uzbekistan hydrogen peroxide qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, mamlakat sanoat tarmoqlarida vodorod peroksidiga yillik talab o‘rtacha 15 ming tonnadan ziyod. 2024 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Uzbekistan hydrogen peroxide qo‘shma korxonasida shunday mahsulot ishlab chiqariladi.

Qiymati qariyb 30 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib o‘rnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi kabi o‘nga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qog‘oz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qo‘llaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sun’iy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qo‘shilgan qiymat yaratadi.

Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

«Har bir loyihadan maqsad — yuqori daromad, qo‘shilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan ma’qul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni ko‘paytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Vodorod peroksidi shu paytgacha O‘zbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, import o‘rnini to‘ldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yo‘q. Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar», — deyiladi xabarda.

Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning o‘zida plastik quyma idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Korxonani muqobil energiya bilan ta’minlash maqsadida quvvati 27 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.

Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, Turkiyaning «Orbak Metal Industry» kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Karmanada yirik kimyo texnoparki qurilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini borib ko‘rdi.

Navoiy viloyatida kimyo sanoati rivojlangan. Hududda mineral resurslar ko‘p, tarmoq infratuzilmasi va kadrlar salohiyati yaxshi. Bundan foydalanib, istiqbolli korxonalar tashkil etish uchun esa mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga sharoit bor.

Shu negizda xitoylik ishbilarmonlar tomonidan “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etilmoqda.

 Mazkur majmua uchun 130 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirgacha ularning ikkitasi - 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.

E’tiborlisi, sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Davlatimiz rahbariga texnoparkda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalosianin (to‘qimachilik bo‘yog‘i) ishlab chiqarish korxonalari qurilishi boshlangan.

Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari samarali yo‘lga qo‘yiladi. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar o‘rni qoplanadi.

Texnoparkda mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizni tashkil qiladi. Loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich ikki barobar ortadi.

Davlatimiz rahbari korxonalarda ishlab chiqarish balansini ta’minlash, "off take" shartnomalar qilib, mahsulotlarni kafolatli sotish zarurligini ta’kidaldi.

Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi ta’minlangan. Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026 yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablag‘lari hisobidan qurilmoqda.

Shu yerda 2024-2030 yillarda "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Unga ko‘ra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni bo‘ladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz loyihalarda ekologiya talablariga alohida e’tibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Davlatimiz rahbari ularning investorlari bilan muloqot qildi.

Oxirgi sakkiz yilda ishlab chiqarish hajmi 200 barobar oshgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar - jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

O‘z faoliyatini 2007 yilda qurilish materiallari tarmog‘idan boshlagan tadbirkor 2020-2023 yillarda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonalarga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.

Tadbirkorning aylanma mablag‘i bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard so‘m edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 250 kishining doimiy bandligi ta’minlangani esa ijtimoiy muhim jihat.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda atmosfera havosiga ta’siri bo‘lgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining ko‘pi eskirgan. Ilgari bu yo‘nalish faqat chet elga bog‘lanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab cho‘zilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh o‘z mahsulotlarimiz va xizmat ko‘rsatish paydo bo‘lmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi.

Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham o‘rni bor. Ishlab chiqarish hajmi yildan yilga ortmoqda. Mahsulotlar mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yo‘qotmagan holda tannarxni tushirishga erishilmoqda.

Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham jo‘natilmoqda. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusida bu geografiyani va miqdorni oshirish maqsad qilingan.

Shu yerda Navoiy viloyatining sanoat mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, og‘ir va yengil sanoat uchun detallar, uskunalar, kompressorlar, elektrotexnika jihozlari, mis va plastik quvurlar, nasos qismlari namoyish etildi. Ularni birlashtiruvchi jihat - mahalliylashtirilgani.

Prezident mamlakatimizda gidroenergetikani yanada rivojlantirish maqsad qilinganini ta’kidlab, kichik va mikroGESlar qurish va ularning komponentlarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar uchun mahalliylashtirish loyihalarini kuchaytirish orqali viloyatda ishsizlikni kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘proq yangiliklar: