Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi

O‘zbekiston 21:26 / 31.10.2024 3184

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi davomida 12 ta yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, loyihalarga AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va to‘qimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yiliga 2 milliard 500 million so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshiriladi. Kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi shular sirasiga kiradi.

Shu tumanda Rossiya bilan yana bir investitsion tashabbus – oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yo‘lga qo‘yiladi. Turkiya bilan hamkorlikda Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Avstriya bilan esa Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar 17 mingdan ortiq aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, davlat rahbari «Yangi Navoiy» shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, keksalar va ziyolilar bilan suhbatlashdi.

«Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta ro‘zg‘orni tebratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelayapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz», dedi prezident.

Loyiha uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonda qurilish rejalashtirilgan. Shaharchada 7-22 qavatli uy-joylar, 4 ming 170 o‘rinli umumta’lim maktablari, 1 ming 620 o‘rinli bog‘chalar, poliklinika barpo etiladi. «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham shu yerda bo‘ladi.

Davlat rahbari Navoiy viloyatida sanoat rivojlangani, lekin xizmat salohiyati to‘liq ishga solinmaganini aytdi. Shu bois shaharchada sayilgoh, ko‘ngilochar maskanlar, savdo do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etib, xizmatlar rivojlantirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabida bo‘ldi.

1 ming 800 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bu muassasa o‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan ta’minlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

Prezident maktab faoliyati bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

«Ilmli bo‘lish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli bo‘lsa, shijoatingiz yanada baland bo‘ladi», dedi prezident.

«Mening eng katta tashvishim, maqsadim - yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: