Ispaniyada suv toshqinlari qurbonlari soni 95 kishiga yetdi

Jahon 08:10 / 31.10.2024 3608

Ispaniyada suv toshqinlari qurbonlari soni 95 kishiga yetdi. Bu haqda 30 oktyabr, chorshanba kuni kechqurun AFP xabar berdi. Qurbonlarning katta qismi Valensiyada bo‘lgan — 92 kishi. Ikki kishi Kastilya-La-Mancha mintaqasida, yana biri Andalusiyada halok bo‘ldi. Shu bilan birga, jurnalistlar Ispaniya hududiy siyosat vaziri Anxel Viktor Torresga tayanib, bu raqam faqat taxminiy ekanligini va o‘sishda davom etishi mumkinligini aniqlashtirishmoqda. 31 oktyabr, payshanba kunidan boshlab hukumat mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi.

Berlin va Bryussel toshqindan keyin Ispaniyaga yordam taklif qildi

Yevropa Ittifoqi Ispaniya qutqaruv xizmatlariga yordam berish uchun o‘zining Copernicus sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida ma’lum qildi.

Berlin suv toshqinlari paytida Ispaniyaga yordam taklif qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols Berlin Madrid bilan «ehtimoliy yordam haqida muloqotda» ekanligini aytdi. Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer, o‘z navbatida, suv toshqinlarini «dahshatli tabiiy ofat» deb atadi.

Ispaniyada suv toshqinlari

Elektr ta’minotchisi Iberdrola ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniyada kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari Valensiya hududidagi 155 ming xonadonni elektr energiyasidan mahrum qildi. Avtomobil, havo va temiryo‘l aloqalari ham zarar ko‘rdi.

Ispaniya davlat meteorologiya agentligi AEMET Valensiya va Andalusiyaning ayrim qismlari uchun ogohlantirish darajasini oshirganini e’lon qildi. Meteorologlarning ma’lum qilishicha, noqulay ob-havo 31 oktyabrgacha davom etadi.

Ispaniya parlamenti 30 oktyabr kuni o‘z majlisini bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: