Atom energiyasi agentligining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston 11:15 / 31.10.2024 1258

Hukumat 28 oktyabr kuni «Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U agentlikning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, agentlik direktori va uning o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.

Agentlikning asosiy vazifalari:

  • atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha respublika va mahalliy ijro organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • atom energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq davlat va xususiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
  • atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida ushbu sohadagi norma va qoidalarni ishlab chiqish hamda qabul qilishda ishtirok etish va boshqalar.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan agentlik huzuridagi Atom energiyasidan foydalanish sohasini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, uning moliyalashtirish manbalari quyidagilar bo‘ladi:

  • «Navoiyuran» Davlat korxonasining yillik foydasidan hisoblangan dividendlarning 5 foizi miqdoridagi ajratmalar;
  • xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari, imtiyozli kreditlari va boshqa maqsadli mablag‘lari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hujjat bilan shuningdek, Atom energetikasi va yadro texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha respublika idoralararo ilmiy-texnik kengashi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi ham tasdiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: