Quyidagilar davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
- ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini belgilovchi holatlarning profilaktikasini amalga oshirish;
- fuqarolar uchun ularning fikrlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda minimal talablarni qamrab olgan standartlarni joriy etish va uni doimiy ravishda takomillashtirish, qamrovini kengaytirish va ijtimoiy xizmatlarning yangi turlarini joriy etish maqsadida ijtimoiy xizmatlarni standartlashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni o‘tkazish;
- ijtimoiy xizmatlarni ijtimoiy xizmatlar oluvchining individual ehtiyojlarini qondirish uchun birinchi navbatda mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasida mavjud bo‘lgan resurslardan kelib chiqib joriy etish;
- aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi tashkilotlari mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
- ijtimoiy xizmatlarning samaradorligi va natijadorligini mustaqil monitoring qilish va baholash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy etish;
- fuqarolarga ijtimoiy xizmatlarni olish huquqlari, shu jumladan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish shakli, turlari, hajmi, davomiyligi va davriyligi, shartlari va muddatlari, tavsiya etilayotgan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar ro‘yxati, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchilarning harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirish;
- ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va aholini ijtimoiy himoya qilishning boshqa chora-tadbirlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni ta’minlash.
Belgilanishicha, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish quyidagi beshta maqsaddan bittasi yoki bir nechtasiga erishishga qaratilgan bo‘lishi lozim:
- qaramlikning oldini olish, kamaytirish yoki bartaraf etish uchun iqtisodiy jihatdan o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishish yoki qo‘llab-quvvatlash;
- ijtimoiy jihatdan o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishish yoki qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan qaramlikni kamaytirish yoki oldini olish;
- o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qila olmaydigan bolalar va katta yoshdagilarni qarovsiz qoldirish, ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish (zo‘ravonlik, tazyiq) yoki ekspluatatsiya qilishning oldini olish yoxud bartaraf etish yoki ularning oilalarini saqlab qolish, reabilitatsiya qilish yoxud oilalari bilan birlashtirish;
- aholiga mahalla darajasida, uyda parvarishlash yoki kamroq intensiv terapiyaning boshqa shakllari, shu jumladan kunduzgi va qisqa muddat bo‘lish muassasalarda parvarishlashni tashkil etish orqali internat muassasalarida nomaqbul statsionar xizmat ko‘rsatish (parvarishlash)ni oldini olish yoki bartaraf qilish;
- ijtimoiy himoya organlari tomonidan boshqa muassasalardagi shaxslarga xizmatlar yoki xizmat ko‘rsatishning boshqa shakllari muvofiq emas deb topilgan taqdirda, internat muassasasiga statsionar xizmat ko‘rsatishga (parvarishga) yo‘naltirish yoki qabul qilishni ta’minlash.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
- ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilarning yagona davlat reyestri hamda ijtimoiy xizmatlar oluvchilarning yagona davlat reyestrini yuritish;
- aholining ehtiyojmand qatlamlari bilan samarali faoliyatni tashkil etish uchun ijtimoiy himoya sohasida xatarlarni boshqarish tizimini qo‘llash strategiyasi va metodikasini belgilash;
- ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan aniq shart-sharoitlarni va o‘z vakolatlari doirasida tashabbusi ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan zarur harakatlarni shu jumladan, ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish va ko‘rsatish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini belgilash.