Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlarda 29 oktyabr, yakshanba kuni siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan «Ismlarni qaytarish» tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari sovet hokimiyati yillarida qatl etilgan, lagerlarga yuborilgan yoki huquqlaridan mahrum bo‘lganlarning ismlarini o‘qib chiqdilar. 2007 yildan buyon aksiyani tashkil qilib kelayotgan «Memorial» inson huquqlari harakati tadbirni jonli efirda namoyish etdi.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, ismlarni o‘qish Moskvada boshlanib, Irkutsk, Bremen, Revde, Denver, Drezden va Strasburgda davom etgan. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, bu yil dunyoning 109 ta shahrida, jumladan, 19 ta Rossiya shahrida «Ismlarni qaytarish» amalga oshirilgan.
«Menimcha, bu juda muhim kun. Bu kunda odamlar hukumatning buyrug‘iga ko‘ra emas, balki o‘z xohishi bilan tarixni eslayapti. Davlat tarixning yagona to‘g‘ri variantini taqdim etishga harakat qilmoqda», — dedi Moskvadagi Solovetskiy toshiga kelgan «Memorial» boshqaruvi raisi Yan Rachinskiy.
Tomskda Stalin qatag‘onlari qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan ustunlar buzib tashlandi
Tomsk rasmiylari stalin qatag‘on yillarida qatl etilganlarning ismlari yozilgan yodgorlik ustunlarini demontaj qildi. Bu haqda 17 oktyabr kuni «TV2. Novosti Tomska i Sibiri» va «Govorit NeMoskva» Telegram-kanallari xabar berdi.
Mahalliy aholining nashrlarga aytishicha, ustunlar 16 oktyabr kuni — bir kun oldin buzib tashlangan. «Na qarindoshlarning ustunlarni tinch qo‘yish so‘ralgan xatlari, na oddiy Tomsk aholisining ustunlarni tegmaslik haqidagi murojaati ham yordam bermadi», — deya o‘z suhbatdoshidan iqtibos keltirdi TV2.
«Govorit NeMoskva» 22 sentabr kuni faollar Tomskdagi Kashtak tepaligida beshta yodgorlik ustunini o‘rnatib, bu yerda qatl etilgan 30 kishining portretlari va tarixini joylashtirganini bildiradi. 11 oktyabr kuni Tomsk meriyasi ularni «ruxsat etilmagan binolar» sifatida buzishni talab qildi. Rasmiylar bilan yodgorlik ustunlarini qonuniylashtirish bo‘yicha muzokaralar hech qanday natija bermadi.
Tomsk meriyasi yodgorlik ustunlarining buzilishini izohlar ekan, Kashtachnaya tog‘i madaniy meros obekti bo‘lganligi sababli mintaqaviy muhofazaga olinishini aytdi. «U yerda biron bir bino qurish, kichik me’moriy shakllar va boshqa obektlarni ruxsatisiz o‘rnatish taqiqlanadi, shu sababli noma’lum shaxs tomonidan qo‘yilgan obektlar demontaj qilinib, saqlash uchun olib ketildi», — deya TV2 shahar hokimligi matbuot xizmati xabarini keltirgan.
1920-1930 yillarda Tomskdagi Kashtak jarlarida jami to‘qqiz mingga yaqin odam otib o‘ldirilgan, ular orasida shoir Nikolay Klyuyev, faylasuf Gustav Shpet va boshqa ko‘plab taniqli shaxslar bor.