Yevropa komissiyasi YeIga a’zo davlatlar fuqarolariga kiberhujum va qo‘poruvchilik holatlari kabi favqulodda vaziyatlar uchun uch sutkaga yetadigan zaruriy narsalarni g‘amlab qo‘yishni tavsiya qildi. Bu haqda regulyatorning fuqarolik himoyasi va harbiy xavfsizlikni kuchaytirish borasidagi hisobotida so‘z boradi.
Hisobot mualliflari mazkur qo‘llanmalarni fuqarolar o‘z iste’moliga zarur bo‘ladigan buyumlarni tayyorlashi, shuningdek, kimyoviy, biologik yoki yadroviy avariyalar vaqtida xavfsizligini ta’minlashi uchun tavsiya qilmoqda. «Birgina tugma binoni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yib, butun shaharni zulmatda qoldirishi mumkin», — deydi YeK raisi Ursula fon der Lyayyen.
Yevrokomissiya, shuningdek, aholini zaruriy chora-tadbirlardan xabardor qilib borish maqsadida inqirozli vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha «Yevropa kuni»ni joriy etishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Hisobot mualliflari Rossiya tomonidagi gibrid hujumlar va Yevropa Ittifoqidagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga qarshi YeI tomonidan yetarlicha ishlar olib borilmayapti, degan xulosaga kelgan.
Ekspertlarning hisoblashicha, milliy maxsus xizmatlar hamda YeI razvedka markazlari o‘rtasida samarali aloqani ta’minlaydigan diversiyaga qarshi optimal tarmoqni yaratish kerak. Ularning so‘zlariga ko‘ra, terrorizm, josuslik va qo‘poruvchilikka qarshi kurash uchun maxfiy ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradigan huquqiy chegaralarni yaratish lozim.
Hisobotda, bundan tashqari, mudofaa mahsulotlari uchun yagona Yevropa bozorini yaratish tavsiya qilingan — bu qurol-yarog‘ hamda harbiy texnikalar xarididagi to‘siqlarni olib tashlashga xizmat qiladi.