Hududiy hokimiyat rahbari Karlos Mazon jabrlangan hududlarda qutqaruv amaliyotlari davom etayotgani va hozircha qurbonlar sonini aniq aytib bo‘lmasligini bildirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda suv oqimi ko‘priklar va avtomobillarni qanday yuvib ketayotgani aks etgan kadrlar tarqalgan. Ayrim videolarda odamlar omon qolish uchun daraxtlarga tirmashib chiqqanini ko‘rish mumkin.
Ispaniya sharqi va janubida ro‘y bergan kuchli yomg‘irlar natijasida ko‘plab hududlarni suv bosgan, shuningdek, temiryo‘l va aviaqatnovlarda uzilishlar yuzaga kelgan.
Valensiyaga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ayrim aviareyslar bekor qilingan yoki samolyotlar boshqa hududlardagi aeroportlarga yo‘naltirilgan. Ispaniyaning mazkur regionida temiryo‘l qatnovi ham to‘liq to‘xtatilgan.
Ispan meteorologlariga ko‘ra, Valensiyada sakkiz soat ichida 491 mm yog‘in tushgan, bu qariyb bir yillik normaga teng.
Xabar qilishlaricha, suv bosgan hududda qamalib qolgan yuzlab kishilar OAVga qo‘ng‘iroq qilib, yordam olishga yoki yo‘qolgan qarindoshlari haqida ma’lumot olishga harakat qilmoqda.
Qutqaruv xizmatlari odamlarni qidirish uchun dronlardan foydalanmoqda.
Mahalliy nashrlar yozishicha, Valensiyada o‘nlab kishilar butun tun davomida o‘z mashinalarida, shuningdek, tomlar va ko‘priklarda o‘tirib, qutqaruvchilarni kutishgan.
«Biz hech kim bilan uchramagan misli ko‘rilmagan vaziyatga to‘qnashdik», — degan Mazon.
Bir kun oldin rasmiylar Valensiyada va janubi-sharqdagi Albasete provinsiyasida kamida yetti kishi bedarak ketganini xabar qilgandi.
Ispaniya davlat meteorologiya agentligi AEMET Valensiyada va Andalusiyaning ayrim hududlarida xavf darajasi oshgani haqida e’lon qilgan.
Valensiya shahri meriyasi maktablardagi darslar va sport musobaqalari bekor qilinishi, shahar xiyoboni esa vaqtincha yopilishini ma’lum qilgan.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bedarak ketgan odamlar haqidagi xabarlarni xavotir bilan kuzatib borayotganini bildirib, jabrlangan hududlar aholisini «shoshilinch bo‘lmagan safarlar»ni qoldirib turishga chaqirgan.