«Hizbulloh»ning yangi rahbari Nasrullohning yo‘lini davom ettirishga va’da berdi

Jahon 21:26 / 30.10.2024 3078

Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan keyin «Hizbulloh» guruhining yangi rahbariga aylangan Naim Qosim Nasrullohning birinchi marta chiqish qildi. U tashkilot yo‘qotishlardan keyin o‘z kuchlarini qayta tiklab olganini va Isroilga qarshilik ko‘rsatishni davom ettirishini bildirdi.

Qosimning so‘zlariga ko‘ra, Nasrullohning o‘ldirilishi «jiddiy zarba» bo‘lgan, ammo «Hizbulloh» «sakkiz kun ichida o‘z saflarini qayta tashkil etish»ga erishgan.

Shuningdek, Qosimning ma’lum qilishicha, «Hizbulloh» o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaydi va Isroil bilan urushni faqat o‘z shartlari asosida to‘xtatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday qaror faqat bilvosita muzokaralar yo‘li bilan qabul qilinadi.

«Mening ish rejam bu — Nasrullohning rejasi. Biz u va «Hizbulloh» rahbariyati tomonidan ishlab chiqilgan harbiy rejani amalga oshirishni davom ettiramiz», — deydi Naim Qosim. Bundan tashqari, guruh yetakchisi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning uyiga dron yordamida uyushtirilgan hujumni eslatib, «bu safar u tirik qolgani»ni, ammo «qachon o‘lishi noma’lumligi»ni bildirdi.

Isroil Qosimning so‘zlariga hozircha munosabat bildirmadi, biroq kuni kecha mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galant «Vaqtincha tayinlov. Uzoqqa bormaydi» izohi ostida Qosimning suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan edi.

Guruhga 1992 yildan buyon rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh 27 sentabr kuni Isroil harbiylari «Hizbulloh»ning Bayrutdagi yerosti bazasiga yo‘llagan zarbasi oqibatida halok bo‘lgandi. Uning o‘limidan keyin, oktyabr oyi o‘rtalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroillik harbiylar Nasrullohni, uning vorisini, vorisining vorisini ham o‘ldirganini aytgandi. Isroil mudofaa armiyasi keyinroq Hasan Nasrullohning faqat bir vorisi — amakivachchasi Hoshim Safiuddin o‘ldirilganini xabar qildi. Vorisning vorisi haqida ma’lumot berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: