Farg‘onada saylov qonunchiligini buzgan uchastka saylov komissiyasi a’zosi ma’muriy jazoga tortildi

O‘zbekiston 16:37 / 30.10.2024 2917

Dang‘ara tumanidagi 541-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zosi M.A. 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan deputatlar saylovida huquqbuzarlik sodir qilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu ish JIB Dang‘ara tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Kun.uz tanishgan sud qarorida keltirilishicha, tumandagi 541-saylov uchastkasi saylov komissiyasi a’zosi hisoblangan M.A. 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan deputatlar saylovida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga rioya qilmagan. U fuqaro M.M.ga boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun jami 4 tadan ortiq bo‘lgan saylov byulletenini berib, saylov o‘tkazish qonunchiligini buzgan.

M.A. sudda sodir etgan huqubuzarligiga to‘liq iqror bo‘lgan.

2024 yil 27 oktyabr kuni saylov vaqti tugab borayotgani uchun vaqtdan yutish maqsadida tumandagi Katta Boybucha mahallasida yashovchi M.M.ga boshqa shaxslar nomidan ham ovoz berish uchun 4 tadan ortiq saylov byulletenini berdim. Bu bilan saylov qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘ydim. Chin ko‘ngildan pushaymonman”, degan u.

Sud qarori bilan M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-10-moddasida (saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: