Alimentdan qochib yurgan otani “ilintirgan” xodim – MIB operatsiyasi tafsilotlari

Jamiyat 17:14 / 30.10.2024 25121

Ma’lum bo‘lishicha, Majburiy ijro byurosining Ohangaron tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan hujjatda sud qaroriga asosan, qarzdor A.Ahmedovdan undiruvchi N.A. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Lekin qarzdor bir necha yil davomida aliment pullarini to‘lashdan bosh tortib, qochib yurgan. Uning alimentdan qarzdorligi 56,8 million so‘mni tashkil qilgan.

MIB axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, qarzdorni qidirib topish chorasini ko‘rish bo‘yicha bo‘lim xodimlari tomonidan “uning aysh-u ishratga moyilligini inobatga olib, hiyla yo‘li bilan ushlash” maxsus rejasi tuzilgan.

Byuroning ayol xodimlaridan biri qarzdor bilan Telegram messenjeri orqali begona (sirli) ayol sifatida bir necha bor muloqot qilib, oxir-oqibat uni uchrashuvga ko‘ndirgan. Erkak uchrashuvga “Toshkent-Angren” yo‘nalishida “Yandex” taksi orqali yo‘lovchi sifatida kelgan. U Ohangaron tumani hududidagi uchrashuv belgilangan joyga kelgan vaqtida xodimlar tomonidan tezkor ushlandi”, — deyiladi MIB Kun.uz'ga taqdim qilingan ma’lumotda.

Shu kunning o‘zida fuqaro A.Ahmedovga nisbatan MJtKning 47-4-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: