Prezidentning "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
2024 yil 1 dekabrdan:
- xususiy bandlik agentliklari litsenziya olishi uchun zaxira mablag‘lari miqdori BHMning 8 500 baravaridan 4 000 baravarigacha kamaytiriladi;
- xususiy bandlik agentliklari zaxira mablag‘larini Agentlikning roziligisiz foydalanmaslik sharti bilan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishi va ushbu depozitlardan olinadigan foiz daromadlarini erkin tasarruf etishi mumkin;
- agentlik tomonidan xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha olingan takliflar ochiq tanlov orqali xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida taqsimlanadi.
Agentlikning fuqarolarni tashkil etilgan holda tanlab olish, xorijga ishga jo‘natish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari 2026 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.
Fuqarolarning xorijda mehnat faoliyatini yaxshilash uchun xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston diplomatik muassasalariga qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
- xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va ish beruvchilari bilan hamkorlik o‘rnatish, ularning malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji asosida o‘quv kurslarini tashkil etishda Agentlikka ko‘maklashish;
- O‘zbekistonning migratsiya bo‘yicha xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash, xorijiy davlatlar vizasini olish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo bitimlar tuzish.