Xalqaro yirik iqlim sammiti Ozarboyjonda o‘tadi: COP29’dan nimalar kutilyapti?

Jahon 18:49 / 29.10.2024 1692

Yirik xalqaro iqlim konferensiyasi bu yil 11-22 noyabr kunlari Ozarboyjonning Boku shahrida o‘tadi. COP29’da “Yangi hamkorlik miqdoriy maqsadlari” qabul qilinishi rejalashtirilyapti. U rivojlanayotgan davlatlarga moliyaviy paketlarni qanday taqsimlash haqida bo‘ladi.

COP29 haqida

Bundan 29 yil oldin davlatlar yig‘ilib iqlim o‘zgarishining yomon ta’sirini kamaytirish uchun ilk xalqaro konferensiyani o‘tkazishgan. Shundan beri bu an’ana davom etib kelyapti. Bu yilgi Xalqaro konferensiya 11-22 noyabr kunlari Ozarboyjonning Boku shahrida o‘tkaziladi. 2023 yil Dubayda o‘tgan COP28’da “BAA kelishuvi” tuzilgandi. Unda rivojlanayotgan davlatlarga qancha moliyaviy yordam berish muhokama qilingan. COP29’da esa shu kelishuvning moliyaviy taqsimoti bo‘lishi kerak.

COP29 muhokama rejalari

COP29’da ham rivojlanayotgan davlatlar iqlim rejalari qayta ko‘rib chiqiladi va ularga moliyaviy qanday yordam berish bo‘yicha aniq rejalar muhokama qilinadi. Shuningdek, “Yangi hamkorlik miqdoriy maqsadlari” kelishuvi qabul qilinishi kutilyapti. Unda iqlim o‘zgarishidan aziyat chekayotgan rivojlanayotgan davlatlarga milliardlab emas, trillionlab yordam ko‘rsatilishi belgilanishi mumkin.

Shu bilan birga kim qancha yordam berishi kerakligi, moliyalashtirishning qanday shakllari (qarzlar yoki grantlar) va mablag‘lardan qanday foydalanish borasida kelishuvlar kutiladi.

COP28ʼda nimalar muhokama qilingan edi?

COP28 sammiti 2024 yilning 30 noyabrdan 12 dekabrgacha Dubay shahrida bo‘lib o‘tgandi. Sammitda iqlim o‘zgarishidan qiynalayotgan davlatlar uchun 420 million dollar ajratish masalasi kun tartibiga chiqib, ularning qarzidan voz kechish so‘ralgandi. 100 ga yaqin davlat tiklanadigan energiya manbalarini 3 barobar oshirishga va’da bergandi. 50 ta neft va gaz kompaniyalari esa 2050 yilgacha sayyorani isituvchi gazlar chiqarishni to‘xtatishga rozi bo‘lishgan.

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris rivojlanayotgan mamlakatlarga global isishga qarshi kurashda yordam beradigan Yashil iqlim jamg‘armasiga 3 milliard dollar ajratishni e’lon qilgan.

Shuningdek, COP28 muzokaralari prezidenti Sulton Al-Jobir mamlakatlardan havoga tashlanadigan chiqindini katta miqdorda qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini 3 baravar va energiya samaradorligini 2 baravar oshirish uchun birgalikda ishlashga va’da berishni so‘ragandi.

COP nima?

Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha har yili bo‘ladigan xalqaro konferensiyalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim O‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy Konvensiyasi (United Nations Framework Convention on Climate Change (UNFCCC) asosida o‘tkaziladi. UNFCCC’ning Tomonlar konferensiyasi, ya’ni COP (Conference of the Parties) – 1995 yil 28 mart–7 aprel kunlari ilk marta Berlinda bo‘lgan.

O‘shandan beri COP har yili (2020 yil pandemiya sabab qoldirilgan) Kioto protokoli bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun davlatlarni bir joyga yig‘adi. Protokolda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni baholash, rivojlangan davlatlarning issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha huquqiy majburiyatlari belgilangan.

UNFCCC’ning oliy bosh organi COP hisoblanib, u konvensiyaga a’zo davlatlar vakillari va akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilardan iborat. Ular UNFCCC va COP qabul qiladigan har qanday huquqiy hujjatlarning bajarilishini ko‘rib chiqish va konvensiyaga amal qilishda ko‘maklashish uchun zarur qarorlarni qabul qiladi. COP’ning yakuniy matni tomonlar roziligi bilan yoziladi.

COP’ing eng muhim yig‘ilishlaridan biri 1997 yil Yaponiyaning Kioto shahrida o‘tkazilgan. O‘shanda sanoat gazlari bo‘yicha Kioto protokoli tuzilgan va mamlakatlarga ilk marotaba issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha majburiyat yuklangan. Sanoati rivojlangan aksar mamlakatlar va markaziy Yevropadagi davlatlar 2008–2012 yillar oralig‘ida issiqxona gazlarini 1990 yildagi darajadan o‘rtacha 6-8 foizga tushirishga kelishib olgan. Qo‘shma Shtatlar ham o‘zining umumiy gazlarini 1990 yildagi darajadan o‘rtacha 7 foizga kamaytirishi kerak edi. Biroq Klinton imzolaganidan keyin Kongress shartnomani ratifikatsiya qilmagan. Bush ma’muriyati esa protokolni 2001 yilda ochiqchasiga rad etgan.

Sammitning asosiy maqsadi – davlatlarga iqlim 1,5C dan isib ketmasligi uchun majburiyat yuklash. Hozir global harorat 1,1C da. Bu 2022-2026 yillarda 1,1-1,7C oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilingan. 1,8C dunyoning yarim aholisi uchun xavfli namlik va issiq degani.

Ko‘proq yangiliklar: