Rossiyada noqonuniy migrantlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi

Jahon 19:05 / 29.10.2024 2948

Rossiya Davlat Dumasi deputatlari noqonuniy migrant tomonidan jinoyat sodir etilishining jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida tan olinishi haqidagi qonunni ma’qulladi, deb yozdi «Kommersant».

29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda deputatlar migratsiya siyosati sohasidagi boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartishlarni ham qabul qilgan. Xususan, uyushgan guruh tomonidan noqonuniy migratsiyani tashkil etishni o‘ta og‘ir jinoyat toifasiga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi. Qonunbuzarlik 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 3 milliondan 5 million rublgacha jarima ko‘rinishidagi jazoni nazarda tutadi.

Soxta hujjatlardan foydalangan holda noqonuniy migratsiyani tashkil qilish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 1 million rublgacha jarima bilan jazolanadi. Xuddi shunday jazo shaxs o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda sodir etgan huquqbuzarlik uchun ham nazarda tutiladi.

Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni yashash joyi bo‘yicha soxta «propiska» qilganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Hozir bu 3 yilni tashkil qiladi.

Shuningdek, deputatlar noqonuniy migratsiya xizmatlari ko‘rsatilayotgan saytlarni suddan tashqari blokirovka qilish va migrantlar uchun imtihon o‘tkazish bo‘yicha davlat organlarining mutlaq huquqini joriy etish to‘g‘risidagi qonunlarni ham qabul qildi.

Avvalroq, Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ta’kidlaganidek, 2023 yilda noqonuniy migratsiyani tashkil qilganlikda ayblangan 879 kishidan «faqat 166 kishi haqiqiy jazoga tortilgan, ularning to‘rtdan bir qismi esa 1 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan». Shu bilan birga, 2024 yil 7 oyi davomida noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2,8 baravarga oshib, 1414 taga yetgan.

Rossiyada migratsiya siyosatining keskinlashuvi «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan teraktdan so‘ng boshlandi. Jinoyatchilar Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ekani aytilmoqda. Avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishning huquqiy rejimini o‘rnatish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. U 2025 yil fevralidan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: