Ayni vaqtga qadar O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida amalga oshirib kelinayotgan aviaqatnovlar 1994 yilda imzolangan bitim asosida bajarilib, har biri tomondan faqatgina bittadan aviakompaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqi berilgan edi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston va Kuvayt Transport vazirliklari hamda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan, yangi shartlarni o‘z ichiga olgan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi yangi bitim matni ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari rahbarlari tomonidan parafirlandi.
Yangi bitim ikki mamlakat o‘rtasida har bir tomondan faqatgina bittadan tayinlangan aviakompaniya parvozlarni amalga oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi cheklovni bekor qilish bilan bir qatorda, yangi kelishuv shartlarini o‘z ichiga oladi.
Kuvayt fuqarolarini O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchib kelishiga keng imkoniyat yaratish hamda ziyorat turizmiga yanada keng yo‘l ochish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlarni har bir tomondan 14 taga yetkazish orqali 28 taga olib chiqish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Endilikda belgilangan shaharlar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilgan holda O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Kuvaytga parvozlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.