“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi
Har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi. Dasturni amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi. Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi prezident farmonida qayd etilgan.
Dastur 2024 yil 1 noyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:
- barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish — tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish hamda har bir mahallaga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish, tomorqadan samarali foydalanish, har bir tuman va shaharda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beruvchi kamida 5 tadan «drayver» loyihalarni amalga oshirish, qo‘shimcha 50 ming gektar ekin maydonlarini kambag‘al oilalarga ijaraga berish, ularga kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalarni bo‘lib to‘lash sharti bilan berish;
- ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish — 2024-2025 yillarda kambag‘al oilalar farzandlarining maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, oilaning kamida bitta farzandini xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka o‘qitish, bitta farzandi, xususan, qiz farzandining oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish, bolalarni kompyuter savodxonligiga o‘rgatish, axborot texnologiyalari va dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qishi uchun sharoit yaratish, shu jumladan, maktablarda to‘garaklar tashkil etish;
- kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish — kambag‘al oilalarning har bir a’zosi bir yilda bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, ularning o‘z sog‘lig‘i uchun mas’uliyatini oshirishi (kundalik turmush tarzi va ovqatlanishda zararli odatlardan voz kechishi), har bir farzandi sport to‘garaklariga qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratish, oilaning tibbiy xizmatlarga o‘z hisobidan sarflaydigan xarajatlarini ikki barobar qisqartirish;
- ijtimoiy xizmatlardan foydalanish — ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish, xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish, bolalarni tarbiyalash va kunduzgi parvarishlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;
- yashash sharoitlarini yaxshilash — ipoteka tizimidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, mahallalarda ekologik toza materiallar va texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy «yashil» turar joylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish, toza ichimlik suvni yetkazish, xonadonlarda energiya tejovchi innovatsion yoritish, isitish va issiq suv ta’minoti hamda chiqindilarni qayta ishlash tizimlarini joriy etish;
- davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish — tomorqalarni sug‘orish suvi, mahallani elektr energiyasi va internet bilan uzluksiz ta’minlash hamda uning tuman markazi bilan transport jihatidan bog‘langanini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, hududlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
- davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish — barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati organlari kambag‘al oilalar bilan muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi, birdamlikda harakat qilishi hamda rahbarlarni kambag‘al oilalarga biriktirish, ularning muammolarini birgalikda yechishga ko‘maklashish.
Tovar-xomashyo birjalari uchun yangi talablar
2024 yil 12 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Birja savdolariga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Unda tovar-xomashyo birjalari faoliyatini litsenziyalash uchun yangi talablar belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab quyidagi talablar bajarilgan taqdirda, tovar-xomashyo birjalari faoliyatini litsenziyalashga yo‘l qo‘yiladi:
- mulk huquqi asosida litsenziyalangan elektron birja savdolari tizimining mavjudligi;
- umumiy hisobda xotirasi kamida 100 TV bo‘lgan server uskunalari hamda alohida ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga ega bo‘lish;
- elektron birja savdolari tizimining uzluksiz hamda tashqi aralashuvlardan himoyalangan holda faoliyat ko‘rsatishi;
- tegishli xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki axborot tizimi bilan integratsiyalashgan savdo operatsiyalari bo‘yicha mablag‘lar kirim va chiqim amaliyotlarini inson omilisiz amalga oshiruvchi dasturiy ta’minotning mavjudligi.
2024 yil 1 noyabrdan tovar-xomashyo birjalari ustav kapitalining eng kam miqdori 100 mlrd so‘m hamda 2025 yil 1 iyuldan boshlab 200 mlrd so‘m etib belgilanmoqda. Bunda, ustav kapitali faqat mablag‘lar ko‘rinishida shakllantiriladi, 2024 yil yakuni va kelgusida har yil yakuni bo‘yicha ularning moliyaviy faoliyati yuzasidan katta to‘rtlik (Big four) auditorlik tashkilotlaridan biri tomonidan mustaqil auditdan o‘tkazilishi kerak.
Shuningdek, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab eksport-import operatsiyalari doirasida Respublika birjasi orqali tuzilayotgan «forvard» bitimlar bo‘yicha mahsulot narxlarini yetkazib berish muddatidan kelib chiqib, xalqaro axborot agentliklarining indeks va respublika tovar-xomashyo birjalari kotirovkalari asosida shakllanadi. Yuqori likvidli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari tomonidan mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishda mahsulot narxi mazkur tovar bo‘yicha amaldagi Respublika birjasi o‘rtacha narxidan (kotirovka) past bo‘lmasligi ta’minlanadi.
Zargarlik buyumlariga import bojxona boji kamaytiriladi
Jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi. Bu haqda davlat rahbarining tegishli farmonida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 noyabrdan:
- chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa sotuvga qo‘yish va chakana savdoda realizatsiya qilish man etiladi. Bunda ushbu tartib buxgalteriya hisobi qonunchiligiga muvofiq 2024 yil 1 sentabrgacha rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
- qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi;
- Asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etiladi;
- jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi;
- 2027 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20 foizdan 10 foizgacha kamaytiriladi.
Chiqindi qarzdorligi uchun “jazo”
Endilikda 3 oy davomida to‘lanmagan chiqindi puli uchun “svet” o‘chiriladi. Bu haqda davlat rahbarining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2024 yilning 1 noyabr kunidan respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun (2025 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun) elektr energiyaga to‘lov qabul qilinmaydi.
Qarzdorlik vujudga kelgani to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno.
Boshqa o‘zgarishlar
2024 yil 1 noyabrdan boshlab:
- foydalanish maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun «A», «B», «C», «D», «E», «F» va «G» belgilari joriy etiladi. Bunda «A» toifasi energiya samaradorligi eng yuqori bo‘lgan bino va inshootlarni belgilash va tegishli ravishda «G» toifasi energiya samaradorligi eng kam bo‘lgan bino va inshootlarni belgilash uchun qo‘llaniladi;
- xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi;
- Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar tekshiruv boshlangan paytdan boshlab Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda o‘tkaziladi;
- avtobuslarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan qismi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- vazirlik va idoralar davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlagan huquqbuzarliklar bo‘yicha undirilgan jarimalarning 10 foizi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.