Netanyahu: Isroilning Eronga zarbasidagi barcha maqsadlarga erishildi

Jahon 09:43 / 28.10.2024 2919

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aytishicha, Eronga qarshi havo hujumi aniq, kuchli va muvaffaqiyatli bo‘lgan. «Biz Eron hujumiga javob beramiz, deb va’da qildik va shanba kuni zarba berdik. Eronga hujum aniq va kuchli edi, barcha maqsadlarga erishildi», dedi u 27 oktyabr, yakshanba kuni Quddusda.

Isroil havo hujumlari Eronning 1 oktyabr kuni amalga oshirgan hujumiga javoban amalga oshirilgan, o‘shanda Isroilga ikki yuzga yaqin raketa uchirilgan. Ularning aksariyati Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan tutib olindi.

«Eron yuzlab ballistik raketalar bilan Isroilga hujum qildi va hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz va’damizda turdik. Harbiy samolyotlar Eronga hujum qilib, bu mamlakatdagi mudofaa inshootlari va raketa ishlab chiqarishiga zarba berdi», — dedi Netanyahu.

Isroil Eronning asosiy energiya obektlari atrofidagi HHMni yo‘q qildi

Isroil Erondagi muhim energiya obektlari atrofidagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini ataylab nishonga oldi va ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berishdan tiyildi. Bu haqda 26 oktyabr kuni The New York Times nomi oshkor etilmagan Eron va Isroil rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Eronning uch rasmiysi va Isroil Mudofaa vazirligining uch yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari nishonlari Xuziston viloyatidagi Bandar Imom Xomayniy neft-kimyo majmuasi, Bandar Imom Xomayniy porti, Abadan neftni qayta ishlash zavodi, Ilam viloyatidagi gaz koni va boshqa havo hujumidan mudofaa obektlaridan iborat bo‘lgan. 

Erondagi NYT manbalarining ta’kidlashicha, Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilgani Tehronda «chuqur xavotir uyg‘otdi», chunki hozirda muhim energetika obektlari kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hujumlar oldida juda zaif.

Ko‘proq yangiliklar: