Eronga yetkazilgan talafot, G‘azodagi urush oqibatlari va Gurjistondagi parlament saylovlari - kun dayjesti

Jahon 13:49 / 28.10.2024 5498

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektori shimolida Isroil aviazarbalari natijasida kamida 20 kishi qurbon bo‘ldi. Isroil harbiy havo kuchlari qamal qilingan eksklavning shimolidagi Jabadiya qochqinlar lageriga hujum uyushtirgan.

Falastinning WAFA axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qochqinlar boshpana sifatida foydalanayotgan Faxura maktabi yaqinida joylashgan turarjoy binolariga raketa hujumi uyutirilgan.

Halok bo‘lganlarning aksariyati ayollar va yosh bolalar ekani ma’lum qilinmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yopirilma zarbalar tufayli fuqarolik mudofaasi otryadlari va tibbiy tez yordam brigadalari voqea joyiga yetib borishga qiynalmoqda.

Shuningdek, Isroil G‘azodagi ko‘chirilgan insonlar joylashgan BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA maktabiga uchinchi marta hujum qilgan.

G‘azo shahrining g‘arbiy qismidagi Ash-Shati qochqinlar lagerida joylashgan UNRWA maktabiga yana zarba berilgan.

Hujum natijasida kamida 8 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab insonlar yaralangani ma’lum qilinmoqda.

WAFA axborot agentligining ma’lum qilishicha, «Esma» maktabi binosida majburan ko‘chirilgan shaxslar yashab kelgan va bu yerda ham qurbonlar asosan ayollar va bolalardan iborat.

Urush oqibatlari

Agar Isroil G‘azodagi urushni bugunoq tugatsa ham, uning oqibatlari o‘nlab yillar davomida falastinliklarni hayotdan olib ketaveradi.

G‘azodagi binolarning uchdan bir qismi Isroil bombardimonlari tufayli butunlay vayron bo‘lgan. BMT baholashlariga ko‘ra, eksklavni vayronlardan to‘liq tozalash uchun kamida 14 yil talab qilinadi, biroq urush bugunoq tugagan taqdirda ham Isroil bombalari yetkazgan talafot falastinliklarga hali ko‘p azob beradi.

Bino portlagan chog‘da havoga zararli bo‘lakchalarga ega katta miqdorda chang zarralari uchadi. Ular nafas yo‘llarini zararlaydi, shuningdek, tuproq va grunt suvlariga singadi va o‘z ta’sirini portlash ro‘y bergan joydan kengroq hududga tarqatadi.

BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi baholashlariga ko‘ra, urush natijasida hosil bo‘lgan 2,3 mln tonna chiqindi bu zarralar bilan zaharlangan bo‘lishi mumkin.

Masalan, asbestning havoga uchishi va inson organizmiga ta’siri salomatlik uchun bir qator xatarlarni keltirib chiqaradi. Kasalliklar esa 10-50 yil ichida yuzaga chiqadi. Bu esa Isroil bosqini natijasida G‘azo aholisi uzoq yillar davomida saraton va boshqa kasalliklar xavfi ostida qolishini anglatadi.

Shuningdek, vayronalar ostida qolib ketgani gumon qilinayotgan 10 ming inson qoldiqlari, yorilmagan o‘q-dorilar, oqova suvlar zararli kimyoviy moddalar uchun ochiq muhitni yaratadi va falastinliklar o‘rtasida kasalliklar tarqalishiga xizmat qiladi.

Isroilning Eronga zarbasi

Garchi Eron Isroilning 26 oktyabr kungi zarbasi unchalik talafot yetkazmaganini aytayotgan bo‘lsa-da, aniqlashtirilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda ballistik raketalar ishlab chiqarish to‘xtatilgan.

Axios portaliga ko‘ra, Isroil zarbasi Eron ballistik raketa ishlab chiqarish dasturining muhim tarkibiy qismini ishdan chiqargan.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil zarbalari Eronning uzoq masofaga ucha oluvchi raketalar ishlab chiqarishida asqatadigan 12 ta «planetar qorishtiruvchilar»ni yo‘q qilgan.

Yo‘q qilingan obektlar «juda murakkab uskunalar» bo‘lib, ularni Eron mustaqil o‘zi yasay olmaydi. Eron ularni Xitoydan sotib olgan. Obektlarni tiklash kamida bir yilni talab qiladi.

Isroil zarbalari Eronning ikkita maxfiy harbiy bazasiga ham talafot yetkazgan.

Planet Labs PBC tomonidan e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlari ziyon ko‘rgan obektlardan ayrimlari Tehron yaqinidagi Parchin harbiy bazasida joylashganini ko‘rsatmoqda.

Atom energiyasi xalqaro agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu bazada Eron o‘tgan davrda yadroviy qurol uchun foydalansa bo‘ladigan portlovchi moddalar sinovini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, yerosti tunnellari va raketa ishlab chiqaruvchi obektlar bo‘lgan qo‘shni Hojir harbiy bazasiga ham zarbalar berilgani aytilmoqda.

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy Isroilning zarbasi kuchsiz bo‘lmagani, lekin kuchli ham bo‘lmaganini ta’kidlagan.

«Ikki kun muqaddam sionistik rejim tomonidan sodir etilgan yovuzlik ko‘paytirib ham, kamaytirib ham tasvirlanmasligi kerak», — deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida va Isroilning hujumini «noto‘g‘ri mo‘ljal» deb atagan.

Xominaiyga ko‘ra Tehron Isroilning bu hujumiga javoban o‘zining kuchini ko‘rsatish variantlarini o‘ylab ko‘radi.

Oyatulloh Xominaiyning o‘zi Isroilning Eronga hujumini unchalik jiddiy bo‘lmagan, lekin diqqatga sazovor, deb atagan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Eronning bu hujumga nisbatan javobi puxta o‘ylab ko‘rilgan va taroziga solingan bo‘lishini ta’kidlagan.

Gurjistondagi parlament saylovlari

Gurjistonda o‘tgan parlament saylovlarida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi g‘alaba qozondi. U 54,23 foiz ovoz to‘plagan va parlamentdagi o‘rinlarning yarmidan ko‘pini egallaydi. Muxolifatdagi partiyalar saylovni boykot qilib, parlamentga kirmasliklarini e’lon qildi.

Markaziy saylov komissiyasi yakuniy hisobotiga ko‘ra, partiyalar quyidagicha ovoz jamg‘argan:

  • «Gurjiston orzusi» — 54,23 foiz;
  • «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» — 10,82 foiz;
  • «Birlik — milliy harakat» — 10,10 foiz;
  • «Kuchli Gurjiston» — 8,76 foiz;
  • «Gaxariya Gurjiston uchun» — 7,75 foiz.

Qolgan partiyalar parlamentga kirishga izn beruvchi 5 foizlik to‘siqdan o‘ta olmagan.

Mamlakat tashqarisida istiqomat qiluvchi gurjilar hukmron partiyaga bor-yo‘g‘i 17,7 foiz ovoz bergan. Muxolifatdagi partiyalarga berilgan jami ovozlar soni 70 foizdan oshgan.

Gurjistondagi muxolifat Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlarini tan olmayapti, ommaviy ovoz soxtalashtirish ro‘y berganini ta’kidlab, butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili dushanba kuni mamlakat parlamenti binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazishga chaqirdi. Miting mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Tbilisidagi Rustaveli shohko‘chasida boshlanadi.

«Men bu saylovlarni tan olmayman. Bu saylov tan olinishi ham mumkin emas. Bu Rossiyaning Gurjistonni ishg‘ol qilgani, Gurjistonning Rossiyaga bo‘ysundirilganini anglatadi. Men mamlakatimizga buning uchun qaytmaganman. Bizning ajdodlarimiz buning uchun yashamagan, biz buni qabul qila olmaymiz. Hech kim Gurjistondan Yevropa kelajagini tortib olishga haqli emas», — degan Zurabishvili.

«Gurjiston orzusi» partiyasidan saylangan Gurjistonning 2013-2018 yillardagi to‘rtinchi prezidenti Georgiy Margvelashvili ham parlament saylovlari natijalarini tan olmasligini bildirdi.

«Men yolg‘on va soxtakorlik bilan asos solingan parlamentni aslo tan ololmayman», — dedi u.

Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze esa saylovdagi g‘alabadan so‘ng va muxolifat e’tirozlariga qaramasdan hukumat baribir tasdiqlanishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat yig‘ilishi odatdagi rejimda o‘taveradi.

Kobaxidzening qo‘shimcha qilishicha, yangi chaqiriqdagi parlamentning birinchi majlisi ishiga xalaqit berish uchun muxolifatdagi partiyalarda resurslar yo‘q va ularning e’tirozlari xalqning oldida o‘zlarini umidsiz oqlashdan boshqa narsa emas.

«O‘tgan yillar ichida muxolifat biror marta saylov natijalarini tan olib, mag‘lubiyatini mardlarcha qabul qila olmagan. Ular to‘qqizinchi marta yutqazishyapti», — degan Kobaxidze.

Migrantlarga narx oshirgan Moskva

Moskvada 2025 yildan boshlab chet eldan kelgan ishchilar uchun patent miqdori 8,9 ming rublni tashkil etadi. Bu amalda belgilangan narxlardan 1,5 ming rublga qimmatroq, degan Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin.

«Migrantlar soliqlar nuqtayi nazaridan fuqarolarimiz bilan taqqoslanadigan miqdorda pul to‘lashi — muhim masala. Migrantlar yuqori malakali insonlar emas. Bugun oylik to‘lanadigan patent 7,5 ming rubl bo‘lib, uni daromad solig‘i avansi deb hisoblash mumkin. 1 yanvardan boshlab u 8,9 ming rubl bo‘ladi», — degan Sergey Sobyanin.

Sobyaninga ko‘ra, bu chora-tadbirlar ish beruvchilarning migrantlar va Rossiya fuqarolari uchun xarajatlarini tenglashtirish imkonini beradi.

«Mexanizm ancha oldin ishlab chiqilgan, u migrant ish beruvchiga fuqarolarimizdan ko‘ra arzonroq tushmasligiga qaratilgan masalani tartibga soladi», — degan mer.

Sobyaninning qayd etishicha, Moskvada mehnat patentlarini berish bo‘yicha sezilarli o‘sish kuzatilmayapti, hozirda bu qariyb 450 mingtani tashkil etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: