O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (Oliy maktab) direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxrux Sharaxmetov Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) rektori Aleksey Komissarov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar sheriklik aloqalarini kengaytirish, akademik almashinuvni faollashtirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan kelgusidagi hamkorlikning asosiy masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvning muhim natijasi “Menejment magistri” va “Biznes boshqaruvi (MVA)” mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma magistratura ta’limini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv bitimi imzolanishi bo‘lib, u nafaqat ikki muassasa o‘rtasidagi sheriklik doirasini kengaytiradi, shuningdek, aspirantura dasturlarini amalga oshirish va hamkorlikda ilmiy rahbarlik amaliyotini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Dastur professional o‘sish, yetakchilik va strategik fikrlashni rivojlantirishdan manfaatdor tadbirkorlar, yuqori darajadagi menejerlar, iqtisodiyot va sanoat sohasidagi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun: RANXiGS Rossiyadagi eng yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan. Akademiya Rossiya bo‘ylab 47 ta filialni o‘z ichiga olib unda 60 dan ortiq mamlakat mutaxassislari faoliyat olib boradi.
Dasturning asosiy afzalliklari:
Tinglovchilar sirtqi ta’lim shaklida Oliy maktabda uch semestr hamda to‘rtinchi semestrni RANXiGS oliygohida Moskva shahri markazida joylashgan turar joy bilan ta’minlangan holda davom ettiradilar;
Zamonaviy ta’lim usullaridan foydalangan holda yuqori sifatli o‘qitish tinglovchilarga ilg‘or bilim va amaliyotlarga ega bo‘lish imkonini beradi. Darslar yetakchi xorijiy va mahalliy professorlar tomonidan olib boriladi;
Dastur xalqaro menejment standartlari va amaliyotini, shu jumladan, O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirilgan yevromenejment modellarini o‘qitishni o‘z ichiga oladi. Bu tinglovchilarga raqamli transformatsiya va global raqobatga moslashish imkonini beradi;
Ikki yillik o‘qish davomida tinglovchilar korporativ boshqaruv, biznesni strategik rivojlantirishning zamonaviy texnologiyalarini o‘zlashtiradilar, shuningdek, O‘zbekistondagi real keyslar va Rossiyadagi ilg‘or biznes amaliyotlari misolida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Bitiruvchilar, ushbu sirtqi ta’lim shaklidagi o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagandan so‘ng, bir vaqtning o‘zida Oliy maktab hamda RANXiGS oliygohlarining magistrlik diplomlariga ega bo‘ladilar;
Mazkur Magistratura dasturida o‘qish istagini bildirgan nomzodlar https://e-tinglovchi.gsbe.uz/ qabul platformasi orqali quyidagi hujjatlarini ilova qilgan holda murojaat qilishlari mumkin:
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (ilovasi bilan) va ushbu hujjatlarning notarial tasdiqlangan tarjimasi;
- ID karta yoki pasport nusxasi (imtihon vaqtida asl nusxasi taqdim etiladi);
- rus tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (agar mavjud bo‘lsa).
Magistraturaga kirish uchun hujjatlar topshirish muddati:
2024 yilning 8 noyabr soat 18:00 ga qadar;
Qabul komissiyasining ishlash jadvali:
dushanba – juma kunlari, soat 9:00 dan 18:00 gacha.
Ma’lumot uchun telefonlar: +99871 239-03-02.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mirobod ko‘chasi, 25-uy.
Reklama