OAV: «Tolibon» ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi

Jahon 23:32 / 27.10.2024 13265

«Tolibon» fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vaziri Holid Xanafi ayollarga omma oldida nafaqat erkaklar bilan, balki ayollar bilan ham gaplashishni taqiqladi, deb xabar beradi Amu TV.

Bundan tashqari, vazirning bayonotiga ko‘ra, ayollar o‘z ovozini boshqa ayollar eshitishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu boisdan Afg‘onistondagi ayollar Qur’onni ayollar bor joyda ovoz chiqarib o‘qishdan ham tiyilishi lozim.

Avvalroq «Tolibon» Afg‘onistondagi ayollarga erkaklarga qarash va jamoat joylarida baland ovozda gaplashishni taqiqlagani ma’lum bo‘lgandi. Yangi tartib-qoidalar qayd etilgan 114 varaqli hujjat bilan afg‘on fuqarolarining kundalik hayotini tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar belgilangan.

Shundan so‘ng, BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda chiqish qilgan tashkilot bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo ushbu mamlakatdagi ayollarning ahvolini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmasligini ta’kidladi.

Germaniya, Avstraliya, Kanada va Niderlandiya Afg‘onistondagi hukmron «Tolibon» harakati ustidan ayollar huquqlari buzilgani tufayli Xalqaro sudga da’vo berishini ma’lum qildi. Agar qisqa vaqt oralig‘ida vaziyat o‘zgarmasa, davlatlar sudga murojaat qilishni bildirdi.

Bir necha kun oldin esa Afg‘onistondagi «Tolibon» harakatining Axloq vazirligi OAVga tirik mavjudotlar tasvirini e’lon qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishga tushirishga va’da berdi. Yangi qonun ommaviy axborot vositalari uchun bir qancha qoidalarni batafsil bayon qiladi, jumladan, barcha tirik mavjudotlar tasvirini chop etish, shuningdek, OAVga islomni masxara qilish, kamsitish yoki islom qonunlariga qarshi borish taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: