Moskvada xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshadi

Jahon 19:28 / 27.10.2024 7048

Moskvada 2025 yildan boshlab chet eldan kelgan ishchilar uchun patent miqdori 8,9 ming rublni tashkil etadi. Bu amalda belgilangan narxlardan 1,5 ming rublga qimmatroq, deydi Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin.

«Migrantlar soliqlar nuqtai nazaridan fuqarolarimiz bilan taqqoslanadigan miqdorda pul to‘lashi — muhim masala. Biz fuqarolarimizning har oylik daromad soliqlari o‘tkazmalaridan kelib chiqamiz va uni shu toifadagi ishchilarniki bilan solishtiramiz. Ma’lumki, ular yuqori malakali insonlar toifasi emas. Bugungi kunda oylik to‘lanadigan patent 7,5 ming rubl bo‘lib, uni daromad solig‘i avansi deb hisoblash mumkin. 1 yanvardan boshlab u 8,9 ming rubl bo‘ladi», — deydi Sergey Sobyanin.

Moskva merining so‘zlariga ko‘ra, bu chora-tadbirlar ish beruvchilarning migrantlar va Rossiya fuqarolari uchun xarajatlarini tenglashtirish imkonini beradi. «Mexanizm ancha oldin ishlab chiqilgan, u migrant ish beruvchiga fuqarolarimizdan ko‘ra arzonroq tushmasligiga qaratilgan masalani tartibga soladi», — deya ta’kidlaydi Sobyanin.

Sobyaninning qayd etishicha, Moskvada mehnat patentlarini berish bo‘yicha sezilarli o‘sish kuzatilmayapti, hozirda bu qariyb 450 mingtani tashkil etmoqda.

Avvalroq Moskva hukumati 2025 yilda tajriba tariqasida migrantlarga xorijlik fuqaroning elektron guvohnomasini tarqatishni boshlashi to‘g‘risida xabar berilgandi. Elektron hujjat «barcha ma’lumotlarni» o‘zida jamlaydi: Rossiyaga kirilgan sana, biometrik ma’lumotlar, ish joyi va ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi.

Ko‘proq yangiliklar: