«Barsa» «Real»ni yakson etdi, Holandni to‘xtatib bo‘lmayapti. Kun o‘yinlari

Sport 01:58 / 27.10.2024 36819

Ispaniya: Mbappe ofsayd qopqonida, Flikning rejasi ideal darajada ish berdi

«Real» – «Barselona» 0:4
Gollar:
0:1 – 54 Levandovski, 0:2 – 56 Levandovski, 0:3 – 77 Yamal, 0:4 – 84 Rafinya.
«Real» – Lunin, Mendi, Ryudiger, Militao, Vaskes, Kamavinga (Braim Dias, 77), Tchuameni (Modrich, 63), Valverde, Bellinghem, Vinisius Junior, Mbappe.
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Kubarsi, Kunde, Pedri, Kasado (Olmo, 65), Lopes (de Yong, 46), Rafinya, Yamal, Levandovski.
Ogohlantirishlar: Kasado (44), Kunde (69), Martines (75), Vinisius Junior (80), Penya (82).

Hafta o‘rtasida «Real» va «Barsa» Chempionlar ligasida yorqin o‘yinlar o‘tkazgandi. Jamoalar tom ma’noda «klasiko» arafasida bir-birini qo‘rqitib qo‘yishga harakat qilgandi. Madriddagi o‘yinda kataloniyaliklar «Bavariya»ga qarshi o‘yindagi tarkibda tushib kelishdi. «Real» futbolchilari esa bir kun ko‘proq dam olganidan tashqari, maydon markazida Kamavinga va Tchuameni qaytishi mumkin edi.

Mehmonlarda mudofaa chizig‘i yuqori joylashtirilishi – o‘yin qanday kechishini belgilab berdi. «Real» muntazam ravishda «Barsa» himoyachilari ortida ochilishga harakat qildi. Tezkor Mbappe muntazam ravishda uzatmalar bilan ta’minlandi. Fransuz hujumchisi tezkor gol urishiga bir baxya qoldi, keyin Belinghemga assist muallifi bo‘lishi mumkin edi, keyin Vinisius bilan shunday vaziyat yuzaga keldi. Lekin u har safar ofsaydda bo‘ldi.

22-daqiqada Vinisius ofsayd tuzog‘idan qochib qoldi va u gol urishi lozim edi, ammo uning yaqin burchakka zarbasi o‘xshamadi. Lekin to‘p darvoza to‘riga borganida ham gol hisoblanmasligi mumkin edi. Hujum Tchuameni Pedriga qo‘pollik qilishi orqali boshlangandi. Bunday epizod kartochkaga tortardi (sariq yoki qizil), ammo arbitr bu vaziyatni o‘tkazib yubordi, VAR hakamlari ham buni qizil emas deb topishdi va unga ishora berishmadi.

30-daqiqada «Barselona» himoyachilari oldinga chiqib ketganida gol o‘tkazib yubordi. Mbappe buni hissiyotga berilib nishonladi. Keyin esa u yana ofsaydda qolgani ma’lum bo‘ldi.

«Real» futbolchilari birinchi bo‘lim davomida sakkiz marta (olti marta Mbappe) ofsaydga tushishdi (butun o‘yin davomida 12 marta). Holbuki, oldingi 10 turda jami ofsayd holatlari soni – atigi 12 ta bo‘lgandi. Shu bilan birga, bu raqamlar mezbonlar faolroq harakatlanganini ko‘rsatadi. Birinchi bo‘limda Kubarsi «Barselona»ning eng zaif nuqtasi edi. 17 yoshli markaziy himoyachi hayajonlanayotgani yaqqol ko‘rinib turardi, shu tufayli bo‘lim davomida bir necha xatoga yo‘l qo‘ydi. «Barselona»da ham vaziyatlar bo‘ldi. Yamal amalda darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi, ammo Luninni dog‘da qoldira olmadi, qolaversa, bu vaziyatda Mendi uning yaxshi zarba berishiga xalaqit qildi.

Ikkinchi bo‘lim mehmonlar Firmin Lopes o‘rniga de Yong  tushirilishi bilan boshlandi. «Barsa»dan maydon markazida nazorat va aqlli yurishlar talab etilayotgandi. Reja kundek ravshan edi, ammo bu darhol effekt berishini Flik ham kutmagandi. «Real»ning tajribali himoyachilari juda bo‘sh o‘yin ko‘rsatishdi va Levandovski ikki daqiqa ichida dublga erishdi. Barchasi Mbappe to‘pni Kasadoga oldirishidan boshlandi, yosh yarimhimoyachi darhol to‘pni markazdan Robertning yo‘liga tashlab berdi. Polyak hujumchisi yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va yaqinlashmasdan, burchakni aniq nishonga oldi. Bu vaziyatda Mendi ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ygan va ortda qolib ketgandi.

«Barsa»ning ikkinchi goli chiroyli ko‘rinish oldi. Balde chap qanotdan to‘pni ideal oshirib berdi, Ryudiger va Militao jarima maydoni markazida yolg‘iz qoldirgan Levandovski burchakka aniq zarba yo‘lladi – 2:0. Hafta o‘rtasida madridliklar bunday hisobni yirik g‘alabaga aylantirgandi, ammo «Borussiya» bosh murabbiyi Nuri Shahindan farqli o‘laroq, Flik xato almashtirishlar qilmadi. Bir necha haftalik tanaffusdan keyin qaytgan Olmo maydonga chiqishi bilan «Barselona» o‘yinni yanada yaxshiroq nazorat qila boshladi. Bir necha bor raqib futbolchilari, xususan Mbappe bilan yakkama-yakka vaziyatda qolgan Penya ham muhim seyvlarni amalga oshirdi.

Levandovski esa maydonni het-trik va hatto poker bilan tark etish imkoniyatiga ham ega edi, ammo o‘ta qulay pozitsiyalarda turib xato zarba berdi.

O‘yin yanada ochildi va «Barselona» yana raqibni qarshi hujumda jazoladi. Rafinya o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirib kelgan Yamalni pas bilan ta’minladi, 17 yoshli futbolchi o‘tkir burchakdan turib yaqin to‘qqizlikni aniq nishonga oldi va «Real» muxlislariga futbolkasidagi o‘z familiyasini namoyish etdi. U bu safar ham rekord qayd etdi — 17 yoshu 105 kunligida klasikoda gol urgan eng yosh futbolchi sifatida. Oldingi rekordchi Fati esa bu voqeaga zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib guvoh bo‘ldi.

Yakuniy shtrix – Rafinyaning masxaralovchi goli bo‘ldi. Bu mavsumda jamoa yetakchisi va sardoriga aylangan braziliyalik hujumchi hafta o‘rtasida Noyyerga uchta gol urgandi, endi esa to‘pni Luninning ustidan oshirib, darvoza to‘riga tashladi.

Kataloniyalik muxlislar Yoxan Kroyf davridagi natijani kuta boshlashdi. U «Barsa» futbolchisi sifatida 1974 yilda Madriddagi o‘yinda 5:0 hisobida g‘alaba qozongandi. To‘rt gol farqi bilan oldinda borayotganida ham «Barselona» futbolchilari oldinga tashlanishda davom etdi va qarshi hujumlardan birida mezbonlarning to‘rt vakili raqibning 7 futbolchisi qarshisida qolib ketishdi. Ammo hisob bu qadar sharmandali ko‘rinish olmadi. Shunda ham Flik o‘zining ilk klasikosida 40 yildan buyon, Terri Veneybls davridan buyon kuzatilmagan natijaga erishdi. «Real» bu og‘riqli mag‘lubiyatdan keyin kataloniyaliklardan olti ochkoga ortda qolmoqda.

Angliya: Emerida yo‘qotish

«Manchester Siti» – «Sauthempton» 1:0
Gol:
1:0 – 5 Holand.
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Ruben Diash, Akanji, Lyuis, Kovachich, Mateush Nunesh (Gundo‘g‘an, 86), Bernardu Silva, Foden, Savio, Holand.
«Sauthempton» – Remsdeyl, Menning (Bri, 77), Uoker-Piters, Stivens, Bednarek, Harvud-Bellis, Fernandesh, Lallana (Aribo, 60), Dauns (Sulemana, 87), Dibling (Armstrong, 46), Archer (Onuachu, 87).
Ogohlantirishlar: Dauns (42), Martin (43), Armstrong (48), Lallana (56), Kovachich (88).

«Manchester Siti» kamida «Arsenal» va «Liverpul» o‘rtasida yakshanba kuni o‘tkaziladigan o‘yin yakuniga qadar birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Favoritlar mavsum boshidan buyon g‘alaba qozona olmagan va turnir jadvalining oxirgi o‘rnida joylashgan autsayderga qarshi Holandning yagona goli bilan kifoyalangani biroz kutilmagan hol bo‘ldi. Norvegiyalik hujumchi APLda «shaharliklar» uchun 74 gol urib ulgurdi — bu aynan uning kelishi tufayli jamoani tark etgan Gabriel Jyezus 5 mavsum davomida urgan gollar sonidan bittaga ko‘p. Holand uning emas, Agueroning rekordlarini birma-bir yangilamoqda. Shanba kuni Erling yana bir necha vaziyatni qo‘ldan chiqardi, birinchi bo‘lim oxirida esa mezbonlar uchun yoqimsiz vaziyat yuzaga keldi. Archerning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi va bu Ederson quruq o‘yinlari sonini 114 taga yetkazib qo‘yish imkonini berdi. Braziliyalik posbon bu ko‘rsatkich bo‘yicha Shey Givenni ortda qoldirib, turnir tarixidagi 14-natijani qayd etmoqda. Ammo 202 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Chexning rekordigacha ancha bor.

«Aston Villa» – «Bornmut» 1:1
Gol:
1:0 – 76 Barkli - 1:1 – 90+6 Evanilson
«Aston Villa» – Martines, Din (Matsen, 71), Pau Torres, Konsa, Kesh, Rojyers (Duran, 57), Remzi, Tilemans, Onana (Barkli, 46), Makginn (Beyli, 71), Uotkins (Kamara, 82).
«Bornmut» – Trevers, Kerkez (Bruks, 81), Senesi, Zabarniy, Arauxo (Smit, 30), Kuk, Kristi (Adams, 81), Semenyo, Klyuyvert (Taverne, 64), Uattara, Unal (Evanilson, 64).
Ogohlantirishlar: Onana (4), Klyuyvert (10), Tilemans (18), Arauxo (21), Smit (39), Remzi (41), Unal (45+1), Makginn (55), Din (58), Semenyo (80), Taverne (90), Kesh (90+4), Barkli (90+6).

Chempionlar ligasini ideal o‘tkazayotgan «Aston Villa» (3 o‘yinda 3 g‘alaba va birorta gol o‘tkazib yuborilmagan) kutilmaganda o‘z uyida kamtarona «Bornmut»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi. Bu oqshom ish o‘xshamayotgani Duran bilan bog‘liq vaziyatda ham ko‘rindi. Odatda zaxiradan tushib gol uradigan kolumbiyalik hujumchi Remsining ajoyib pasidan keyin raqib jarima maydoni markazidan turib noaniq zarba yo‘lladi. Keyinroq birminghemliklar boshqa ikki joker yordamida gol urishdi — Beyli chap qanotdan uzatma berdi va Barkli uni darvoza to‘riga kiritib yubordi. Agar mezbonlarning minimal ustunligi saqlanib qolganida, o‘yindan keyin yana barcha Unai Emeri qilgan o‘zgarishlar natija bergani haqida gapirayotgan bo‘lardi. Ammo arbitr tomonidan qo‘shib berilgan vaqt oxirida Evanilson Tavernening uzatmasiga bosh bilan ideal zarba berib, «Villa Park»ni karaxt holatga soldi. Villaliklar tur yakunlariga ko‘ra top-4dan tushib ketmasligi aniq, ammo bir haftadan keyin jamoa «Tottenhem» maydoniga safar qilishi vaziyatni qiyinlashtirishi mumkin.

Italiya: sardor hal qildi

«Napoli» – «Lechche» 1:0
Gol:
1:0 – 73 Di Lorenso.
«Napoli« – Meret, Olivera, Buondjorno, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Gilmor (Raspadori, 72), Zambo-Angissa, Neres (Kvaratsxeliya, 72), Lukaku (Folorunsho, 85), Ngonj (Politano, 57).
«Lechche» – Falkone, Dorgu, Baskirotto, Gashpar, Pelmar, Banda (Sansone, 69), Rafya (Perre, 69), Kulibali (Rebich, 77), Ramadani, Perotti (Uden, 83), Krstovich.
Ogohlantirishlar: Ngonj (19), Di Lorenso (51), Perotti (77), Olivera (90), Rebich (90+3).

Antonio Kontening minimalizmi natija bermoqda. Milliy jamoalar o‘yinlaridan keyingi oraliqda «Napoli» qatorasiga ikki o‘yinda minimal hisobda g‘alabaga erishib, raqobatchilarning natijalaridan qat’i nazar, birinchi o‘rinda qolishni kafolatladi. Qolaversa, bu raqobatchilar ochko yo‘qotishi tayin, chunki yakshanba kuni Milanda «Inter» va «Yuventus» o‘zaro o‘ynaydi. Neapoldagi o‘yinda esa hal qiluvchi shturm maydonga Kvaratsxeliya tushganidan keyin tashkillashtirildi.

Gurjistonlik vingerning zarbasidan keyin burchak to‘pi belgilandi, Politanoning burchakdan uzatmasiga Maktominay zarba berdi, darvozabon birinchi zarbani qaytardi, ammo Di Lorenso to‘pni baribir to‘rga kiritdi. Sardorning goli «Napoli»ga qatorasiga beshinchi uy uchrashuvida g‘alaba qozonish imkonini berdi, bunaqa start tarixda faqat ikki bor ro‘y bergan. Konte Alberto Bigona (1989 yil) va Luchano Spallettining (2021 yil) grafigi bo‘yicha ketmoqda. Bu mavsumlar esa neapolitanliklarning oxirgi ikki chempionligi ro‘y bergan mavsumlardir.

Germaniya: «Leypsig» birinchi, «Bayyer» g‘alabani qo‘ldan chiqardi

«Augsburg» – «Borussiya» D 2:1
Gollar:
0:1 – 4 Malen, 1:1 – 25 Klod-Moris, 2:1 – 50 Klod-Moris.
«Augsburg» – Labrovich, Yannulis, Volf (Kudossu, 75), Shlotterbek, Gaueleu, Matsima (Bauer, 82), Yakich, Rejbechay, Oneka (Mayyer, 82), Klod-Moris (Kabadayi, 82), Tits (Essende, 75).
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Anton (Jan, 46), Ryuerson (Kabar, 68), Nmecha (Bayyer, 63), Zabitser (Gross, 46), Brandt, Gittens, Malen (Kempbell, 89), Girassi.
Ogohlantirishlar: Yannulis (41), Kabar (71), Tits (73), Gaueleu (87), Bensebayni (90+4).
Chetlatish: Kabar (90+9).

Malen o‘yin boshida Girassining uzatmasi bilan hisobni ochadi, ammo yakunda «Borussiya» yutqazadi. Dortmundliklar jamoasining so‘nggi haftadagi sxemasi shunday ishlamoqda, navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan ortda bormoqda. «Real» va «Augsburg»ga qarshi o‘yinlardagi yana bir o‘xshash jihat sifatida —natijani raqib safidagi to‘purar qahramon hal qilganini aytish mumkin. Madridda Vinisius Junior shunday vazifani bajargandi, bundesliga o‘yinida — fransuz Klod-Moris katta sahnaga chiqdi. Hozirda rotatsiya futbolchisi, u shanba kungi o‘yinga qadar faqat bitta gol urgandi. Ammo yaxshi sport formasiga chiqqan Klod-Moris shanba kuni boshlang‘ich tarkibda tushirildi va u uzoq masofadan yo‘llangan ikki zarbasi bilan o‘yinning borishini o‘zgartirdi. Birinchi holatda aniq yo‘llangan zarbadan keyin Kobel «asalarilar»ni qutqara olmagan bo‘lsa, mezbonlarga g‘alaba keltirgan aylanma zarba — ijrochining mahorati va sovuqqonligini namoyish etdi. Bu jihatlar so‘nggi daqiqalarda to‘pni darvozabonning o‘ziga qarata tepgan Gittensga yetishmadi. «Borussiya» bu mavsumda safar o‘yinlarida qiynalmoqda, jamoa ichki chempionatda safarda faqat bir marta durang o‘ynab, uch o‘yinda yutqazdi.

«Leypsig» – «Frayburg» 3:1
Gollar:
0:1 – 15 Doan, 1:1 – 47 Orban, 2:1 – 58 Gertryuyda, 3:1 – 78 Openda.
RB «Leypsig» – Gulachi (Vandevordt, 46), Xenrixs, Lukeba (Bitshiabu, 80), Orban, Gertryuyda (Klostermann, 80), Kampl, Aydara (Vermeren, 65), Baumgartner, Nusa, Openda, Sheshko (Andre Silva, 65).
«Frayburg» – Atubolu, Gunter (Ginter, 87), Linhart, Rozenfelder, Kyubler (Sildiyya, 68), Hefler, Osterhage, Grifo (Musliya, 68), Doan, Dinkchi (Xeler, 87), Adamu (Gregorich, 68).
Ogohlantirishlar: Adamu (38), Linhart (46), Openda (79), Vermeren (88).

«Leypsig» esa «Borussiya»dan farqli o‘laroq, yevrokubokdagi mag‘lubiyatdan keyin o‘ziga kela oldi. Qolaversa, tarkibdagi yo‘qotishlar bilan bog‘liq muammo ham hal qilingan, hafta o‘rtasida «Liverpul»ga qarshi o‘yinda Simons ham jarohat olib, safdan chiqqan va Raum, Shlager va Zayvald safiga borib qo‘shilgandi. Turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib turgan raqibga qarshi o‘yinda o‘yin boshida Doen hisobni ochishiga qarshilik ko‘rsata olmagan himoyachilar ikkinchi bo‘limda aybini yuvdi. Jamoa sardori Orban Henriksning uzatmasidan keyin markaziy hujumchi pozitsiyasida turib hisobni tenglashtirdi, Gertryuyda niderlandiyalik barcha himoyachilar kabi qanotdan jarima maydoniga kirib borib, Opendaning uzatmasiga yetib bordi. Keyinroq belgiyalik forvardning o‘zi tezkor qarshi hujumda «Frayburg»ni uzil-kesil tasliq etdi. Marko Roze jamoasi yana birinchi o‘ringa ko‘tarildi va «Bavariya»ning yakshanba kungi o‘yini natijasini kutadi.

«Verder» – «Bayyer» 2:2
Gollar:
0:1 – 30 Bonifase, 1:1 – 74 Duksh, 1:2 – 77, avtogol Agu, 2:2 – 90 Shmid.
«Verder» – Tsetterer, Piper (Yung, 82), Fridl, Malatini (Topp, 86), Shmid, Gryull (Berk, 82), Agu (Ken, 82), Vayzer, Linen, Bitenkur (Ndjinma, 68), Duksh.
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Virts, Tere (Aleish Garsiya, 82), Grimaldo, Frimpong, Andrix, Chaka, Bonifase (Shik, 70).
Ogohlantirishlar: Vayzer (50), Inkapie (88).

Habi Alonso Bremenga safar qiyin kechishini yaxshi tushunardi, shu tufayli Chempionlar ligasida zaxiradan faqat Frimpong va Chaka tushirildi, Andrih zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi, Bonifeys esa — Fransiyaga safar o‘yiniga ham bormagandi. Dam berilgan nigeriyalik hujumchi Frimpongning qanotdan uzatgan to‘piga yetib borib, hisobni ochdi. Niderlandiyalik himoyachi golni Adli futbolkasini namoyish etgan holda nishonladi, u «Brest» bilan o‘yinda jiddiy jarohat olgan va faqat yanvar oxirida safga qaytishi mumkin.

Birinchi bo‘limni hisobda ustun holda yakunlaganiga qaramay, «Bayyer» bu daqiqalarni oson o‘tkazmadi va «Verder» yetakchisi Duksh muntazam ravishda shu kuni bundesligada leverkuzenliklar uchun 200 o‘yin o‘tkazgan ilk xorijlikka aylangan Gradetskiga ish topib berdi. Finlandiyalik posbon bir necha duelda ustun keldi, ammo ikkinchi bo‘limda nemis hujumchisi bosh bilan to‘pni olis burchakka yo‘llaganida ojiz qoldi. Lekin mezbonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va tinim bilmas Frimpong Aguni o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishga majbur qildi.

Mehmonlar «Verder» darvozasiga uchinchi golni urib, masalani hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo Virsning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi, asosiy vaqtning oxirgi daqiqasida esa Shmidtning zarbasidan keyin Gradetski qutqara olmadi. «Bayyer» g‘alabani va «Bavariya»ni quvib o‘tish imkoniyatini qo‘ldan bosh berdi, ammo baribir qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra «Frayburg»ni ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa chiqdi. Jamoa bu o‘rinni o‘zida saqlab qolishi ta’qibchilar — «Union» va «Ayntraxt»ning o‘zaro o‘yini natijasiga bog‘liq.

Kun statistikasi

Kamerunlik forvard Mbemo «Brentford»ning APLda 50 (29+21) samarali ball ishlagan 1-futbolchisi bo‘ldi.

«Ipsvich» himoyachisi Klark APLning bir o‘yinida avtogol urib, penalti tayinlanishiga sababchi bo‘lgan hamda maydondan chetlatilgan 2-futbolchi bo‘ldi, bungacha bunday holat «Sauthempton» himoyachisi Bednarek bilan ham ro‘y bergandi..

«Atalanta» hujumchisi Retegi yangi jamoasi uchun dastlabki 9 o‘yinida 9 gol urgan 3-italiyalik bo‘ldi (uch ochkolik tizimga o‘tilgan davrda). Bungacha bu ishni faqat «Sampdoriya» safida Vinchenso Montella (1996 yil) va «Fiorentina»da Luka Toni (2005 yil) uddalagandi.

Bu mavsumda «Vilyarreal» vingeri Ayose Peres 4 o‘yinda g‘alaba golini urdi. Bundan ko‘proq natija — faqat Levandovskida (5).

PSV 4-bor Niderlandiya chempionatida mavsumni 10 g‘alaba bilan boshlamoqda. Eyndhovenliklar o‘tgan mavsumda ham shunday start olib, «Ayaks»ni ortda qoldirgan holda rekord o‘rnatgandi.

Hujumchi Uelbek APL o‘yinlarida «Brayton» safidagi 29-golini urdi. Yana bir aniq zarba bilan u yozda «Borussiya»ga o‘tib ketgan Grossning natijasini takrorlaydi.

Sebastyan Hyoness «Shtutgart» bosh murabbiyi sifatida bundesligadagi 50 o‘yinidan 29 tasida g‘alabaga erishdi. Jamoa tarixida u bu borada faqat 1984 yilda chempionlikka erishgan Helmut Benthausdan pastroq natija qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: