Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvidan so‘ng Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich bilan muzokaralarni bekor qildi, dedi 25 oktyabr, juma kuni AFP'ga Yevropa Ittifoqining Serbiyadagi elchisi Emmanuel Jofre.
Fon der Lyayyen Bolqon mamlakatlariga safari doirasida Belgradga tashrif buyurdi. Poytaxtda u avvalroq Rossiyadagi BRIKS sammitiga bormasligini ma’lum qilgan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashdi.
Serbiya bosh vaziri bilan uchrashuv uning Rossiya vaziri bilan uchrashuvi haqidagi hisobotidan keyin bekor qilindi. Serbiya hukumati veb-saytida tegishli xabar paydo bo‘ldi va keyin o‘chirildi. Unda «Serbiyaning Rossiya Federatsiyasi bilan iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash niyati» haqida so‘z boradi. Shu nuqtayi nazardan, Vuchevich bilan uchrashishdan ma’no yo‘qligiga qaror qilindi, dedi Jofre.
Fon der Lyayyen Belgradga Bosniya va Hersegovinadan kelgan. U avval Albaniya va Shimoliy Makedoniyaga tashrif buyurgan. Serbiyadan so‘ng u Kosovoga boradi va mintaqaviy safarini Chernogoriyaga tashrif bilan yakunlaydi.
Vuchich 2,5 yil ichida birinchi marta Putin bilan telefonda gaplashdi
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan deyarli ikki yarim yil ichida ilk bor telefon orqali gaplashdi. Vuchich suhbat haqida 20 oktyabr kuni Instagramʼda e’lon qildi.
«Biz yaxshi, ochiq, uzoq va mazmunli suhbat qurdik», deydi Vuchich videoda.
Muloqotga 1944 yil 28 sentabrdan 20 oktyabrgacha Belgrad Qizil Armiya tomonidan fashistlardan ozod qilinganining 80 yilligi sabab bo‘ldi.
Vuchich «Gazprom» rahbari Aleksey Miller orqali Serbiyani qishda «yetarli gaz» bilan ta’minlashni rejalashtirayotgani uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi. «Juda foydali narxlarda», deb qo‘shimcha qildi Serbiya prezidenti.
Rossiya gazini Serbiyaga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma muddati 2025 yilning martida tugaydi.