Rossiya neftini tashish uchun «soyadagi flot» kamida 192 ta eskirgan tankerni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Greenpeace ("Grinpis") xalqaro nodavlat ekologik tashkilotining 25 oktyabr, juma kuni chop etilgan tadqiqotida aytiladi.
So‘nggi ikki yil ichida ulardan 171 tasi Boltiq dengizidagi nemis akvatoriyasi va Meklenburg buxtasining bir qismi orqali bir yoki bir necha marta o‘tgan.
Politico: RFning «soyadagi floti» butun dunyo bo‘ylab neftni to‘kmoqda
Rossiyaning «soyadagi floti» deb ataladigan tankerlari 2021 yildan buyon kamida to‘qqizta neft va neft mahsulotlarining to‘kilishiga sabab bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab suv sathlarida keng neft dog‘larini qoldirdi. Bu haqda Politico 17 oktyabr kuni SourceMaterial jurnalistlar notijorat guruhi bilan hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruvida yozdi. Materialda ta’kidlanishicha, tayyorgarlik jarayonida sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va Lloydʼs List tahliliy kompaniyasi hamda Kpler tovar platformasidan yuk tashish haqidagi ma’lumotlar o‘rganilgan.
«Politico va SourceMaterial Tailanddan tortib Vetnam, Italiya va Meksikagacha bo‘lgan hamma joyda »soyadagi flot» bilan bog‘liq bo‘lgan chiqindilarni topdi. Tankerlar Qizil dengiz va Panama kanali kabi band bo‘lgan yuk tashish yo‘laklaridan o‘tgan, bu har qanday jiddiy avariya xalqaro savdo yo‘llarini buzishi mumkinligini anglatadi», deb yozadi jurnalistlar va bu muammo Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilganidan keyin ancha og‘irlashganini ta’kidlaydi.