Rossiya «Ukraina bilan oqilona murosaga» tayyor, biroq hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borilmayapti, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 25 oktyabr, juma kuni.
«Biz murosa izlashga tayyormiz, biz bu oqilona murosaga tayyormiz, ammo men hozir tafsilotlarga to‘xtalishni istamayman, chunki mazmunli muzokaralar yo‘q, boshqa tomon buni rad etyapti», — dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap imtiyozlar va «almashinuvlar» haqida ketmayapti. «Natija Rossiya foydasiga bo‘lishi kerak, men hech qanday xijolat bo‘lmasdan, ochig‘ini aytaman va jang maydonida yuzaga kelayotgan voqeliklardan kelib chiqishim kerak, shubhasiz, biz bu yerda hech qanday yon bosmoqchi emasmiz, hech qanday almashinuv bo‘lmaydi», — deb davom etdi Rossiya prezidenti.
Putin yana Ukraina tomonini tinchlik muzokaralari bo‘yicha «mantiqsiz xatti-harakatlarda» aybladi. «Shuning uchun nimadir bo‘yicha kelishib olamizmi va nima bo‘yicha kelishib olishimiz mumkinligi haqida gapirishga hali erta», — deya xulosa qildi Putin.
Kreml: Putin Ukrainadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha muloqotga ochiq
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha muloqotga ochiq va shunday bo‘lib qoladi. Bu haqda TASS agentligiga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
«Putin bir necha bor aytgan va tasdiqlaganki, u muloqotga, suhbatga ochiq va shunday bo‘lib qoladi», — dedi Kreml matbuot kotibi.
Shu bilan birga, Peskov Germaniya kansleri Olaf Sholsning Rossiya prezidenti bilan Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish masalasini muhokama qilishga tayyorligini «muhim signal» deb atadi.
«Biz Berlindan yangrayotgan so‘zlarni eshityapmiz — Sholsning muloqotga tayyorligi haqida. Bu juda muhim so‘zlar, chunki Germaniya yaqin vaqtgacha G‘arbning qolgan davlatlari qatorida edi va Putin bilan har qanday aloqani butunlay istisno qildi. Biz bu pozitsiya istiqbolsiz ekanligini aytgandik», — dedi u.
Peskovning ta’kidlashicha, Sholsning hozirda muloqotga tayyorligi «olqishlash mumkin bo‘lgan narsadir».
Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha muloqot, albatta, «oddiy bo‘lmaydi». «Ammo u yoki bu tarzda, har qanday urush muzokaralar stolida tugaydi, tinchlik bilan tugaydi», deb ta’kidladi u.
Peskovning ta’kidlashicha, hozirgacha G‘arbdan Putin bilan muzokaralar uchun amaliy takliflar kelib tushmagan.
«Biz uchun asosiysi — xavfsizlik manfaatlarimizni hal qilish. Aslida, «SVO» (maxsus harbiy operatsiya) oldidan buni qilish taklif etilgan edi va bu rad etildi», dedi u.