Kreml G‘arb OAVning Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik milliarder Ilon Mask bilan muntazam aloqada bo‘lib turishi va hatto undan Tayvan uzra Starlink'ni faollashtirmaslikni so‘ragani haqidagi xabarlarini rad etdi.
«Yo‘q, bularning barchasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ya’ni bu The Wall Street Journal'da chop etilgan mutlaqo yolg‘on ma’lumotlar», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 25 oktyabr, juma kuni jurnalistlarga.
Avvalroq The Wall Street Journal (WSJ) AQSh, Yevropa va Rossiyadagi bir qancha amaldagi va sobiq amaldorlarga tayangan holda, milliarder va Donald Trampning tarafdori, amerikalik biznesmen Ilon Mask 2022 yil oxiridan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muntazam aloqada ekani aytilgan maqolani chop etgan edi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Mask va Putin shaxsiy va biznes mavzularini, shuningdek, geosiyosiy ziddiyatlarni muhokama qilishadi. Gazetaning ta’kidlashicha, Maskning Kreml bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlarni, aftidan, hatto AQSh ma’muriyatida hamma ham bilmaydi. WSJ suhbatdoshlaridan biri AQSh rasmiylariga Mask va Putinning aloqalari yoqmasligini aytdi, biroq Oq uy tadbirkorga hech qanday e’tiroz bildirmagan.
Ilon Mask Tramp kampaniyasiga 75 mln dollar xayriya qildi
Amerikalik milliarder, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask AQSh prezidentligi saylovlarida sobiq davlat rahbari, respublikachi Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi America PAC siyosiy tashkilotiga uch oy davomida 75 million dollar xayriya qildi. Bu haqda 16 oktyabr kuni AQSh Federal saylov komissiyasi (FEC) e’lon qilgan hujjatda aytiladi.
Ushbu mablag‘larning katta qismi — 72 million dollar — 2024 yil iyul-sentabr oylari orasida o‘tkazilgan, Mask bu uch oy davomida America PAC'ning yagona donori bo‘lgan. The Washington Post gazetasi tashkilotni «milliarder Ilon Mask tomonidan Donald Tramp uchun saylovoldi tashviqotini olib borish uchun tuzilgan siyosiy harakatlar qo‘mitasi» deb ataydi.
«America PAC Trampning ikkinchi muddatga saylanishida asosiy o‘yinchi sifatida paydo bo‘ldi, u respublikachi nomzod saylovoldi tashviqotining so‘nggi haftalarida saylovchilarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar bo‘lishi mumkin», — deb yozadi jurnalistlar 15 oktyabrdagi nashrda.
O‘z navbatida, Reuters bu tashkilot o‘z sa’y-harakatlarini shtatlarda saylovchilarni safarbar etishga qaratayotganini tushuntiradi. Hisobotga ko‘ra, America PAC Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun bir xil maqsadlarga ega bo‘lgan boshqa guruhlarga qaraganda ko‘proq pul sarflagan.