Qish arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga gaz va elektr energiyasi to‘lovlari uchun yilda bir marta kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.
Agentlikka ko‘ra, bir martalik kompensatsiyalar 1,4 mln muhtoj oilani qamrab oladi. Davlat buning uchun 370 mlrd so‘m ajratgan.
Mablag‘lar 27 noyabrdan keyin to‘lab beriladi. Oktyabr oyi oxirigacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Mahalla uyushmasi va hokimliklar ehtiyojmandlar ro‘yxatini shakllantiradi.
Kompensatsiya oladiganlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritiladi:
- asosiy ro‘yxat bo‘yicha – “Ijtimoiy himoya” reyestri orqali bolalar nafaqasi va/yoki moddiy yordam oladigan oilalar (1,2 mln oila);
- qo‘shimcha ro‘yxat bo‘yicha – boshqa ehtiyojmandlar (180 ming oila).
Qayd etilishicha, bu to‘lov gaz va elektr energiyasiga tariflar oshishi oqibatini yumshatishda yordam beradi.
Ta’kidlanishicha, kompensatsiya yilda bir marta to‘lanadi. Miqdori – 270 ming so‘m.
Ehtiyojmand aholi bu kompensatsiyadan tashqari elektr energiyasi va gaz to‘lovlari bo‘yicha boshqa shakldagi yordamni ham olishi mumkin. Bu haqda quyiroqda ma’lumot beriladi.
Ijtimoiy himoya agentligi 270 ming so‘mlik kompensatsiya masalasiga oid ayrim savollarga javoblarni keltirib o‘tgan.
Agar nogironligi bor bola uchun nafaqa olayotgan bo‘lsam, asosiy ro‘yxatga kiramanmi?
Yo‘q. Asosiy ro‘yxatga “Ijtimoiy himoya” reyestri orqali bola nafaqasi va/yoki moddiy yordam oluvchi oilalar kiradi. Ammo siz qo‘shimcha ro‘yxatga kirishingiz mumkin.
Agar asosiy ro‘yxatga kirsam, kompensatsiyani qanday olaman?
Agar oila “Ijtimoiy himoya” reyestri orqali bolalar nafaqasi va/yoki moddiy yordam oladigan bo‘lsa, kompensatsiya avtomatik ravishda o‘sha kartaga tushadi. Hech narsa qilish talab etilmaydi.
Agar bir uyda “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”dan bir nechta oila yashaydigan bo‘lsa, har bir oila 270 ming so‘m oladimi?
Ha. Bu kompensatsiya oilaga to‘lanadi.
Agar men bir necha bolaga nafaqa oladigan bo‘lsam, kompensatsiyam ko‘proq bo‘ladimi?
Yo‘q, kompensatsiya miqdori bolalarning soni, oila a’zolari soni va boshqa shartlarga bog‘liq emas. Miqdori hamma uchun bir xil – 270 ming so‘m.
Asosiy ro‘yxatda bo‘lmaganlarga kompensatsiya qanday beriladi?
Bir martalik kompensatsiyani qo‘shimcha ro‘yxatdagi kam ta’minlanganlar: boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz onalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmandlar ham oladi.
Pul qachon tushadi?
Pul kartaga 2024 yil 27 noyabrdan keyin o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha savollar bilan, qayerga murojaat qilish mumkin?
Konsultatsiya olish va bahsli masalalarni hal etish uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tezkor liniyasi ishlamoqda. Qisqa raqam – 1140.
Boshqa turdagi yordam
Bir martalik kompensatsiya – davlatdan yagona yordam emas. Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalar elektr energiyasi va gaz iste’molining ijtimoiy me’yordan oshgan qismi uchun ham kompensatsiya ham olishi mumkin.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
- tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
- elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kWh'gacha.
Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza beradi va kompensatsiya keyingi oyda haqiqiy iste’molidan kelib chiqib to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy me’yor elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh'gacha, tabiiy gaz uchun esa mart-oktyabr oylarida 100 kubometrgacha, noyabr-fevral oylarida (Qoraqalpog‘iston va Xorazmda oktyabr-fevral oylarida) 500 kubometrgacha deb belgilangan.