Bunga asosiy sabab — ommaviy mushakbozliklar va qo‘shni hududlardagi fermer xo‘jaliklarida poya qoldiqlarini yoqish. Har yili takrorlanadigan ushbu holat 30 milliondan ortiq aholiga ega megapolisni dunyodagi eng ifloslangan shaharlardan biriga aylantirmoqda.
IQAir monitoring kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan va o‘pka orqali qonga oson kirib boradigan PM2.5 mayda qattiq zarrachalar darajasi 23 baravar oshib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan me’yordan oshib ketdi. Bu hozirgi vaqtda dunyodagi havo ifloslanishining eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Shaharning eng diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Hindiston darvozalari qalin tumanda ko‘rinmay qoldi. Mahalliy aholining aytishicha, tutun shunchalik achchiq bo‘lganidan, ko‘chaga chiqayotgan odamlar niqob taqishga majbur bo‘lmoqda. Hududda doimiy qo‘lansa hid tarqalmoqda, ifloslanish darajasi yuqoriligi sabab nafas olish qiyinlashgan. Shunday bo‘lsa-da, aholining ko‘pchiligi hamon ehtiyot choralarini e’tiborsiz qoldirmoqda.
Havo sifati yomonlashuviga asosiy sabab qo‘shni shtatlardagi fermalarda poya qoldiqlarining mavsumiy yoqilishidir. Har kuzda fermerlar hosil qoldiqlarini yoqib, yangi ekin ekish uchun dalalarni tozalaydi. Nyu-Dehli hokimiyati bug‘doy somonini yoqishni taqiqlab, bu muammoga qarshi kurashishga uringan, biroq mazkur cheklovlarning buzilishi keng tarqalgan hodisa bo‘lib qolmoqda, yaqinda politsiya fermerlarni qamoqqa olishni boshladi.
Ifloslanishning yana bir omili — Divali bayrami paytida o‘tkaziladigan ommaviy mushakbozliklar. Bu yil shaharda petarda ishlab chiqarish va sotishga “to‘liq taqiq” joriy etilganiga qaramay, ko‘pchilik aholi diniy an’analarga ko‘ra bu taqiqqa e’tibor bermayapti. Politsiya esa Divali bayramida mushakbozlikning muhimligini hisobga olib, vaziyatga aralashishga shoshilmayapti.
Ifloslanish darajasini nazorat qilishga urinib, Nyu-Dehli hokimiyati turli kunlarda juft va toq raqamli avtomobillar harakatini cheklash, qurilish ishlarini to‘xtatish hamda dizel yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalarining shaharga kirishini taqiqlash choralarini ko‘rdi. Biroq barcha sa’y-harakatlarga qaramasdan, ekologik vaziyat og‘ir holatda qolmoqda.
Nyu-Dehlidagi havo ifloslanishi mahalliy aholi salomatligiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. The Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Hindistonda havo ifloslanishidan 1,67 million kishi vafot etgan. Divali yaqinlashgani sain vaziyat yomonlashishi kutilmoqda, chunki mushakbozlik tutuni allaqachon yuzaga kelgan ekologik halokatni yanada og‘irlashtiradi.
Nyu-Dehli ifloslangan muhit oqibatlari bilan kurashishni davom ettirsa-da, bu uzoq yillik muammoni hal etish uchun hukumat tomonidan yanada qat’iyatli chora-tadbirlar ko‘rilishi va aholining atrof- asrashga ongli munosabatda bo‘lishi talab etiladi.