Saylov yaqin, partiyalar nimalarni va’da qiladi? – Kun debati

O‘zbekiston 11:05 / 25.10.2024 14420

27 oktabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligi saylovlari bo‘ladi. Kun.uz mamlakatdagi beshta siyosiy partiya vakillarini debatga taklif etdi. Yig‘ilganlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika muammolaridan tortib, korrupsiyaga qarshi kurashish, soliq siyosati, ekologiya, kommunal xizmatlar, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati, boshqaruv tizimi yuzasidan qarashlarini ma’lum qildi.

Debat 4 raundda o‘tkazildi. Har bir raund uchun reglament belgilandi va moderator vaqtga amal qilinishiga e’tibor qilib bordi.

1-raund

Birinchi raundda beshta siyosiy partiya vakillariga saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlarini tomoshabinlarga tanishtirish uchun imkoniyat berildi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxati bo‘yicha O‘zLiDeP vakili Bobur Bekmurodov birinchi bo‘lib boshlab berdi hamda partiya ilgari surayotgan g‘oyalarga to‘xtaldi. Ro‘yxatga muvofiq “Milliy tiklanish” DP, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, XDP hamda «Adolat» SDP vakillari chiqish qilishdi.

2-raund

Ikkinchi raundda har bir partiya vakillariga davlatning ijtimoiy-iqtisodiy boshqaruvidagi muammolar va vaziyatdan kelib chiqib, energiya manbalariga bo‘lgan talab hamda korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga nisbatan har bir vakilning munosabati eshitildi.

O‘zLiDeP vakiliga ko‘ra, energiyaga bo‘lgan talabni qondirish uchun partiya qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini sezilarli oshiradi.

Yaqin yillarda energiyaga bo‘lgan talab 35 foizga o‘sdi. Elektr energiyasining 75-80 foizini gaz yoqib, ishlab chiqaramiz. Davlatimiz rahbari tomonidan 7 ta viloyatda umumiy qiymati 2,4 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh elektrostansiyalari va 1 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirdik. Respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2,5 baravargacha oshirib, jami energiyada ularning ulushini 40 foizga yetkazishni niyat qilganmiz. Jamoat transport vositalari, sanoat korxonalari va yirik ishlab chiqaruvchilarga yashil sertifikatlar joriy qilish va energiyani tejashga alohida e’tibor qaratamiz”, - deydi deputatlikka nomzod Bobur Bekmurodov.

“Milliy tiklanish” DP vakili Nodir Tilavoldiyev fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari energiya resurslari past 20 davlat qatoriga kiradi, muammo jiddiy.

Bugungi kunda MO davlatlari energiya resurslari past 20 ta davlat tarkibidan o‘rin olgan. Yoshlarimiz orasida energiyani tejash bo‘yicha turli tadbirlarni tashkil etishni niyat qilganmiz. Muqobil energiya turlarini ko‘paytirishni davlat oldiga ustuvor vazifa sifatida qo‘yishni ham rejalashtirganmiz”, - deydi nomzod.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi esa yashil energetika strategiyasini ilgari surayotganligi ma’lum qilindi.

Sanoatda energiya sarfini 50 foizga kamaytirish va 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya hajmini 2 barobarga oshirishni maqsad qilganmiz. 2035 yilga borib avtomobil sanoatida to‘liq elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirishni hamda toza organik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilish, jamoat transportlarini elektrobuslar hisobidan rivojlantirish va tadbirkorlarga zaryadlash stansiyalari qurish uchun yer ajratishni vazifa qilganmiz”, - deydi partiya vakili Dildora Kamolova.

XDP va «Adolat» SDPlar ham masala yuzasidan takliflarini bayon etishdi.

XDP vakiliga ko‘ra, bu sohani tartibga soluvchi organlar vakolatlarini kuchaytirish kerak.

Energetika sohasida o‘g‘riliklarning oldini olish – bugungi kunda dolzarb masala. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, energiya manbalarining o‘g‘rilari bizning elektorat emas”, deydi Mamajonova.

«Adolat» SDP vakiliga ko‘ra, muqobil energiya manbalaridan kengroq foydalanish kerak.

Biz respublikamizda ishlab chiqarilayotgan energiyaning kamida 30 foizini muqobil energiya hissasiga aylantirmoqchimiz”, - deydi partiya nomzodi.

3-raund

Uchinchi raundda har bir partiya vakiliga jamoatchilikdan kelgan savollar taqdim etildi. Qabul qilingan savollar orasidan tadbirkorlar va fermerlar faoliyatiga aralashuv, so‘z erkinligiga qarshiliklar, davlat tilining mavqeyi, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq joriy muammolar, Toshkent shahrining ekologik muammolari va havosi o‘ta iflos shaharga aylanishi, xususiy tibbiyot tashkilotlarida narx belgilash masalasi, iqtisodiyotda davlat roli kabi mavzulardagi savollar siyosiy partiyalar vakillariga berildi. Har bir vakil belgilangan reglament asosida – 2 daqiqa davomida o‘z javobini hamda bu masalada siyosiy partiyaning pozitsiyasini tushuntirishga urindi.

4-raund

To‘rtinchi raund debatning eng qiziq va kulminatsiyaga boy qismi bo‘ldi. Vakillar bu muhokama davomida bir-birining g‘oyalari hamda qarashlari, takliflariga o‘z munosabatini bildirdi. O‘zLiDeP vakili Bekmurodov qolgan partiyalarning g‘oyalari populistik xarakterga ega ekanligini ta’kidladi. Xususan, Ekopartiyaning avtomobil sanoatini 2030 yilgacha to‘liq elektromobilga o‘tkazish tashabbusi juda bahsli, deydi u. Shuningdek, XDPning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’minoti davlat bo‘ynida bo‘lishi haqidagi va’dasi iqtisodiy asosga ega emas”, deydi Bekmurodov.

“Milliy tiklanish” DP vakiliga ko‘ra esa, XDPning pensiya tizimini isloh qilish takliflari budjetga yuklamani ko‘paytiradi. Ekopartiya vakili esa «Adolat» SDPning sanitariya tekshiruvlarini kuchaytirish g‘oyasini ortga qaytish deya baholadi.

Shuningdek, XDP vakiliga ko‘ra, O‘zLiDePning xususiylashtirishni kuchaytirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish tashabbuslari asosga ega emas. «Adolat» SDPning nomzodi so‘zlariga ko‘ra, Ekopartiyaning poyezdlarni tezyurar poyezdga aylantirish g‘oyasi – populistik taklifdir.

Debat ishtirokchilari to‘rtinchi raundning ikkinchi qismida elektoratni saylovda faol bo‘lishga, o‘z partiyalariga ovoz berishga chaqirdi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: