Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parlamentda “Taraqqiyot bloki” tuzildi
O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” parlamentda “Taraqqiyot bloki” nomli yangi siyosiy blok tashkil etdi. Iqtisodiy va xususiy mulk erkinligi, OAV erkinligi, tibbiy hamda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish blokning ustuvor vazifasi qilib belgilandi.

Foto: Milliy tiklanish
5 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ikki fraksiya parlamentda “Taraqqiyot bloki” nomli yangi siyosiy birlashma tuzganini e’lon qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, mazkur blok 93 nafar deputatni birlashtirgan holda parlamentdagi eng yirik kuchga aylanmoqda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, “Taraqqiyot bloki” mamlakatda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy islohotlarni davom ettirish va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xaitovning ta’kidlashicha, blokka birlashish — partiyalarning ulg‘aygan mas’uliyati va siyosiy madaniyatini namoyon etadi:
“Blokka birlashishni – partiyalarning ulg‘aygan mas’uliyat hissi va ulkan siyosiy madaniyati belgisi sifatida qarasak bo‘ladi. Chunki saylovchilar bizdan natija kutyapti. Biz esa natija uchun birdam bo‘lib, mushtarak maqsad va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak”, deya tushuntirish bergan u.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov esa bu tashabbusni mamlakatni rivojlangan, qudratli davlatga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Blokning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilangan:
– milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, eksport salohiyatini oshirish;
– xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish;
– so‘z erkinligini himoya qilish, mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash;
– ta’lim sifati va inson kapitali rivojini ta’minlash;
– tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy etish;
– soliq ma’murchiligini soddalashtirish va barqaror soliq siyosatini yuritish;
– davlat xarajatlarini qisqartirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish;
– xususiy pensiya jamg‘armalari tizimini joriy etish;
– mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Qo‘shimcha qilinishicha, ikki partiya dasturiy nuqtai nazardan o‘zaro yaqin bo‘lib, har ikkisi siyosiy maydonda o‘ng qanot partiyalari sifatida faoliyat yuritadi.
Mavzuga oid

23:20 / 16.06.2025
Qonunchilikka ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritiladi

12:38 / 10.06.2025
Talabga javob bermaydigan mahsulotni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik beriladi

13:59 / 25.04.2025
Sallasini desa, kallasini olib keladigan ijrochilarimiz bor

18:13 / 22.04.2025