Rossiyaning Chelyabinsk oblasti, Korkino qishlog‘ida 24 oktyabr kuni taksi haydovchisi o‘ldirilishi ortidan ommaviy tartibsizliklar yuz berdi. Oqibatda, 43 kishi qo‘lga olindi, ularga nisbatan mayda bezorilik moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzildi, deb xabar berdi Meduza.
40 yoshli taksi haydovchisi (ayol kishi) 23 oktyabr kuni kechqurun o‘lik holda topilgan. Haydovchi «mahalliy lo‘lilar» chaqirig‘iga borgan va hozir ular qotillikda gumon qilinmoqda. Ayolning tanasida bir nechta pichoq jarohatlari topilgan.
24 oktyabr kuni huquq-tartibot idoralari qotillikda gumon qilingan 17 yoshli yigit qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan yana bir shaxs haqida xabar berib, uning jinoyatga aloqadorligi hali tasdiqlanmaganini qo‘shimcha qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, taksi haydovchisi va yo‘lovchi o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Yo‘lovchi ayolning «ko‘krak qismiga kamida to‘rt marta pichoq sanchgan».
24 oktyabr kuni kechqurun Korkino aholisi to‘planib (manbalar 150 kishi demoqda), gumonlanuvchilar yashayotgan joyga borgan. Olomon bir nechta mashinaga zarar yetkazgan va kamida bitta uyni yoqib yuborgan. Uylardan biri toshbo‘ron qilingan. Voqea joyiga politsiya maxsus kuchlari va boshqa xavfsizlik kuchlari yetib borib, uyni o‘rab, himoyaga olgan. Aholi politsiyaning harakatsizligi va lo‘lilar diasporasi bilan bog‘liq muammolar anchadan beri ma’lum bo‘lsa-da, hal etilmayotganidan norozi bo‘lgan.
Mahalliy manbalar olomon qurshab olgan uyda yashovchi odam quroldan o‘q uzgani haqida xabar berdi. Korkino munitsipal okrugi rahbari Natalya Loshchinina ikki jabrlanuvchi haqida xabar berdi: bir kishi bo‘ynidan, ikkinchisi sonidan jarohat olgan.
Ko‘p o‘tmay, politsiya olomon ichidagi odamlarni hibsga olishni boshlagan. 25 oktyabr kuni ertalab Tergov qo‘mitasining Chelyabinsk oblasti bo‘yicha departamenti odamlarga qarata o‘q uzgan 58 yoshli fuqaroni hibsga olingani haqida xabar berdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak olomonga qarata o‘q uzib, 37 va 29 yoshli yigitlarga jarohat yetkazib, qochib ketgan.
Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin «keng jamoatchilik noroziligi tufayli» taksi haydovchisining o‘ldirilishi va qotillikka urinish bo‘yicha jinoiy ishni Tergov qo‘mitasiga topshirishni buyurdi. Tergov qo‘mitasi hisobotida, shuningdek, «shaharda yashovchi lo‘lilarning noqonuniy xatti-harakatlari muammosi mahalliy aholini anchadan beri tashvishga solayotgani, biroq hal etilmagani» aytilgan. Bastrikin «mahalliy aholining dalillarini tekshirish va sodir bo‘lgan voqeaning barcha holatlarini aniqlash uchun to‘liq choralar ko‘rishni» buyurdi.
Korkino Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan chetlatildi va ichki tekshiruv tayinlandi, deb xabar qildi IIV Chelyabinsk oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasi.
Tergov qo‘mitasining Chelyabinsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabariga ko‘ra, sud taksi haydovchisi bo‘lgan 40 yoshli ayolni o‘ldirishda gumon qilingan Korkino shahrida yashovchi 17 yoshli yigitni ikki oyga hibsga oldi.