24 oktyabr, payshanba kuni idora saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotga ko‘ra, Finlandiya chegara xizmati Rossiya bilan chegaradagi «Parikkala» va «Inari» vaqtinchalik chegara o‘tish joylarini to‘liq yopib qo‘ydi.
Birinchi o‘tish joyi orqali harakat 2022 yilda Rossiya yog‘ochlarini eksport qilish cheklovlari tufayli, ikkinchisi orqali esa 2021 yilda to‘xtatildi. Idora bayonotida aytilishicha, rasmiylar nazorat-o‘tkazish punktini to‘liq yopish uchun barcha choralarni ko‘radi, jumladan, chegara o‘tish joyini ko‘rsatuvchi belgilarni demontaj qiladi.
Finlandiya RF bilan chegara yaqinida NATO qo‘mondonlik markazini yaratadi
Finlandiya Rossiya chegarasidan 200 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Mikkeli shahrida NATO qo‘mondonlik bazasi yaratilishini e’lon qildi. Bu haqda 27 sentabr kuni mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen ma’lum qildi. Bu bilan Finlandiya Rossiyaga «biz NATOning to‘laqonli a’zosi ekanligimiz va NATO Finlandiya mudofaasi uchun ham juda muhim ekanligini bildirib qo‘yadi», dedi Xyakkyanen va Finlandiya armiyasi qo‘mondonligi allaqachon Mikkeli shahrida joylashganini qo‘shimcha qildi.
Mamlakat NATOga qo‘shilganidan deyarli bir yarim yil o‘tgach, Mikkeli shahrida Shimoliy Yevropadagi yangi baza yaratiladi, u yerda turli mamlakatlardan bir necha o‘nlab xodimlar joylashtiriladi. «Joylashtirish joylarini birlashtirib, biz milliy mudofaa boshqaruvi va NATO mudofaa boshqaruvi o‘rtasida eng yaxshi sinergik ta’sirga erishamiz», deb qo‘shimcha qildi Finlandiya Mudofaa vazirligi rahbari. Yangi bosh qarorgoh NATOning Norfolkdagi shtab-kvartirasiga bo‘ysunadi, deya xabar beradi YLE.
Iyun oyida NATO mudofaa vazirlari Finlandiyada alyansning sharqiy mamlakatlari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi rotatsiyali quruqlikdagi kuchlarni (FLF) joylashtirishga qaror qilishdi. Xyakkyanen aniqlik kiritishicha, aniqroq sanalar keyinroq e’lon qilinadi.