YeI: Guterrish BRICS sammitida Ukrainadagi urushni qoralashi kerak

Jahon 08:38 / 24.10.2024 2783

22 oktyabr kuni Qozonda ochilgan BRICS sammitining barcha ishtirokchilari ushbu platformadan foydalanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni zudlik bilan tugatishga chaqirishi kerak. Bu haqda 23 oktyabr, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel matbuot kotibi Piter Stano ma’lum qildi.

Bu chaqiriq, ayniqsa, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga tegishli, dedi Stano. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Putindan «rus qo‘shinlarini Ukraina hududidan darhol va so‘zsiz olib chiqib ketishni» talab qilishi kerak.

Antoniu Guterrish 22 oktyabr kuni BRICS sammitida ishtirok etish uchun Qozonga keldi, deb xabar qildi Tatariston parlamenti matbuot xizmati. Uni aeroportda Tatariston Davlat kengashi raisi Farid Muxametshin va Qozon meri Ilsur Metshin kutib oldi.

RF Qozondagi BRICS sammitida 30 dan ortiq davlat vakillarini qabul qildi

Iqtisodiyotlari jadal rivojlanayotgan BRICS mamlakatlari yetakchilari Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasining poytaxti Qozon shahrida to‘planib, ittifoqning kengayishi, savdoda dollarsizlanish va mintaqaviy mojarolarni muhokama qildi.

22 oktyabr, seshanba kuni Qozonda boshlangan BRICS'ga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida 30 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etishi kutilgandi.

Joriy yilda Misr, Efiopiya, Eron va BAA a’zo bo‘lganidan so‘ng ishtirokchilari soni 9 taga yetgan assotsiatsiya ishi so‘nggi yillarda Rossiyaga qarshi Ukrainadagi mojaro fonida kiritilgan G‘arb sanksiyalari tufayli kun tartibiga tobora ko‘proq kirib bormoqda.

Sammitning birinchi kunida BRICS'ga a’zo davlatlar rahbarlari va boshqa yuqori martabali rasmiylarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi va uchinchi kunlarda sammitda taklif etilgan davlatlar rasmiylari ishtirok etadi.

Rossiya 2024 yilda BRICS'ga raislik qilyapti. Kengaytirilgan formatdagi birlashma sammiti birinchi marta o‘tkazilmoqda va G‘arb davlatlarining Rossiya Federatsiyasini izolyatsiya qilishga urinishlari fonida alohida ahamiyatga ega.

Ko‘proq yangiliklar: