23 oktyabr kuni Samarqand shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida Xalq demokratik partiyasi rahbarlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan saylovoldi tashviqotiga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlarning dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmunini saylovchilarga tushuntirib berishdi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi partiyaning maqsadi va uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqib taklif etilayotganligi ta’kidlandi. Partiya bu orqali davlat aholi manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishimiz lozim, degan pozitsiyasida sodiq qolgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, partiya milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha me’yoriy qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirishga erishishni maqsad qilgan. Nogironlar uchun obektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqib, qonun darajasida mustahkamlash bilan bog‘liq qator taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan muloqotda nogironlar uchun obektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish masalasi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligi haqida ham so‘z yuritildi. Shu maqsadda nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, jumladan, temiryo‘l vokzallari, aeroport va shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalarini, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni o‘rnatish ham vazifalar qatorida belgilangan.
Jamiyatning har bir a’zosi uchun, shuning bilan birga, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga qulay muhit va sharoitlar yaratilishi kerak. Ular ham ijtimoiy hayotning faol qatnashchisi bo‘lishi, o‘z qobiliyatlarini namoyon qila olishi lozim. Shundagina real hayotda sog‘lom va erkin muhit hukmron bo‘ladi, deyishdi partiya faollari.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxatini kengaytirish, shu orqali doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan choralar ko‘rish borasidagi takliflar ham saylovchilar tomonidan iliq qarshi olindi. Bu tashabbusning alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarni davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish bilan birga yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Uchrashuvda ta’lim olish uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bilan birga, inklyuziv ta’lim berish bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar berish masalasiga ham urg‘u berildi.
Samimiy muloqot davomida deputatlikka nomzodlar tomonidan dasturdagi har bir taklif atroflicha tushuntirib berildi. Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirgach, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan partiya faollariga murojaat qildilar.