Vashington Anqarani savdoni to‘xtatmasa, oqibatlari haqida ogohlantirganidan keyin Turkiya Rossiyaga Amerika harbiy tovarlarini eksport qilishni yashirincha taqiqladi. Bu haqda Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi 22 oktyabr, seshanba kuni uch manbaga tayanib xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Anqara o‘zining bojxona tizimlariga Vashington va uning G‘arb ittifoqchilari Ukrainada jang qilayotgan Rossiya uchun muhim deb hisoblagan qirqdan ortiq tovarlarning eksportiga to‘sqinlik qilish uchun o‘zgarishlar kiritgan.
Turkiyaning elektron bojxona tizimi endi «jang maydoni uchun tovarlar»ni Moskvaga jo‘natishga ruxsat bermaydi. Ikki manbaning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining shunga o‘xshash mahsulotlari ham avvalroq bloklangan.
YeIda RFga qarshi sanksiyalar bo‘yicha muhokama qayta boshlanadi
Yevropa Ittifoqi davlatlari yanvar oyida Rossiya iqtisodiyotiga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha muhokamalarni davom ettirmoqchi. Bu haqda 21 oktyabr kuni Politico o‘z saytida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bunga shu paytgacha YeIning Moskvaga qarshi sanksiya intilishlarini to‘sib qo‘ygan Vengriya o‘rniga Rossiya Federatsiyasiga ancha qat’iyroq qarshilik ko‘rsatuvchi Polshaning YeI Kengashiga raislik qilishi sabab bo‘ladi.
Varshava o‘zining olti oylik raisligidan Kremlning eng muhim daromad manbalaridan biri bo‘lib qolayotgan YeIga Rossiya xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha choralarni kuchaytirish uchun foydalanmoqchi ekanligini allaqachon ochiq bildirgan.
«Rossiyaning energiya tashuvchilari importi o‘sib bormoqda, biz bu muammoni hal qilishimiz kerak», dedi Polsha Iqlim va atrof-muhit vazirligining davlat kotibi Kshishtof Bolesta Lyuksemburgdagi vazirlar yig‘ilishida.
Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishga cheklovlar kiritgan va gaz xarid qilishni sezilarli darajada qisqartirgan. Biroq, Moskva foydalanadigan o‘nlab bo‘shliqlar mavjud; bundan tashqari, butun dunyo bo‘ylab Rossiya xomashyosini yetkazib beruvchi tankerlarning soyadagi floti ortib bormoqda, deya ta’kidlaydi Politico.