O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Turkiyadagi terakt
Turkiya poytaxti Anqara shahri yaqinidagi Turkish Aerospace (TUSAŞ) aerokosmik kompaniyasi shtab-kvartirasiga hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, 14 kishi yaralandi.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya hujum qilganlardan ikki nafari — bir erkak va bir ayol o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlardan uch nafari og‘ir ahvolda.
«Turkiya aerokosmik sanoatiga qarshi terrorchilik hujumi uyushtirildi. Afsuski, bizda qurbonlar va yaralanganlar bor», — deya yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Vazir avvaliga uch qurbon haqida xabar bergandi, ammo keyinroq Qozondagi BRIKS sammitida ishtirok etayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qurbonlar soni 4 nafarligini ma’lum qildi.
«Xalqimiz shuni bilishi kerakki, Turkiya tomon uzatilgan iflos qo‘llar albatta sindiriladi; xavfsizligimizga qarshi bosh ko‘targan biror bir tuzilma, birorta terrorchilik tashkiloti o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», — degan Erdo‘g‘an.
Turkiya nashrlariga ko‘ra, qo‘riqchilar almashayotgan vaqtda portlash ro‘y bergan; hujumdan keyin korxona xodimlarini panagohlarga jo‘natishga to‘g‘ri kelgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda tutun va kuchli yong‘in aks etgan.
Hodisa joyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri kadrlarni namoyish etishni boshlagan mahalliy nashrlar rasmiylar talabiga ko‘ra translatsiyani to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Mahalliy nashrlar Turkish Aerospace hududiga ikki kishi — bir erkak va bir ayol hujum qilgani haqida xabar tarqatgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bino ichkarisi va tashqarisidagi kuzatuv kameralari orqali olingan kadrlar namoyish etilgan, ularda hujum qilganlarning yuzi ko‘rinib qolgan.
Turkiya terakt sifatida tasniflagan bunday hujumlar Turkiyada birinchi bor ro‘y berayotgani yo‘q. Azaldan bunday hujumlar uchun javobgarlik asosan kurd ayirmachilari zimmasiga yuklanadi, bunday hujumlardan keyin ularning Suriya shimolidagi lagerlari Turkiya harbiy-havo kuchlari tomonidan o‘qqa tutiladi.
Teraktni jahondagi ko‘plab davlat rahbarlari qoralagan va Turkiya prezidentiga qurbonlar uchun hamdardlik bildirgan.
Nasrullohning vorisi o‘ldirilgan
Livanning «Hizbulloh» harakati o‘z ijroiya kengashi rahbari Hoshim Safiuddin o‘limini tasdiqladi. U 4 oktyabr kuni Isroil harbiylarining havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan.
Isroil mudofaa kuchlari 22 oktyabr kuni uning o‘ldirilganini e’lon qilgan edi. Ommaviy axborot vositalari uni 27 sentabr kuni Isroil hujumida halok bo‘lgan «Hizbulloh» bosh kotibi Hasan Nasrullohning vorisi deb atagan.
«Hizbulloh» o‘z ijroiya kengashi raisi Hoshim Safiuddin uchun motam tutadi», deyiladi bayonotda.
4 oktyabr kuni Isroil harbiylarining havo hujumi oqibatida Hoshim Safiuddin halok bo‘lgani haqida Al-Arabiya va Axios telekanallari xabar bergan edi. To‘rt kundan so‘ng Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «Nasrullohning vorisi va uning vorisining vorisi ham yo‘q qilinganini» aytgan edi.
22 oktyabr kuni Isroil harbiylari Hoshim Safiuddinning «taxminan uch hafta oldin» Bayrut chekkasidagi «Hizbulloh» razvedka boshqarmasiga berilgan zarbada o‘ldirilgani haqida xabar berdi.
Hoshim Safiuddin Hasan Nasrullohning amakivachchasi. U 1994 yildan buyon «Hizbulloh» ijroiya qo‘mitasini boshqargan. OAV xabarlariga ko‘ra, 1992 yildan buyon Livan harakatiga rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh 2008 yilda Safiuddinni o‘z vorisi etib tayinlagan.
Bu orada Isroil yana Livan poytaxti Bayrut shahriga bombalar yog‘dirishda bardavom bo‘ldi. Isroil zarba berishda o‘z aviatsiyasini ishga solgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar Eron elchixonasi yaqiniga berilgan.
So‘nggi sutka ichida Livanda Isroil hujumlari natijasida o‘lganlar soni 28 kishi ekan, yaradorlar soni 139 kishiga yetgani ma’lum qilinmoqda.
Mojaro boshlanganidan buyon Livanda qurbon bo‘lganlar soni 2574 kishiga yetdi, yaradorlar soni 12 ming kishidan oshdi, deb xabar beradi Livan sog‘liqni saqlash vazirligi.
BRICS sammiti deklaratsiyasi
Rossiyaning Qozon shahrida o‘tgan BRICS sammiti jahonda yangi tartib o‘rnatishga qaratildi. Sammit yakunlariga ko‘ra deklaratsiya qabul qilindi. Deklaratsiya 43 sahifa va 134 paragrafdan iborat. U dunyodagi vaziyatga umumiy baho beradi, uzoq muddatli istiqbolda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilaydi. Unda ishtirokchilarning asosiy jahon muammolari bo‘yicha umumiy pozitsiyalari qayd etildi.
«Biz umumiy manfaatlarimiz va asosiy ustuvorliklarimizdan kelib chiqqan holda, BRICS mamlakatlari o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish hamda strategik sherikligimizni yanada kengaytirish muhimligini yana bir bor tasdiqlaymiz», deyiladi hujjat muqaddimasida.
Deklaratsiyadagi asosiy bandlar quyidagicha bo‘ldi:
- Biz Falastin davlatining BMT to‘laqonli a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz;
- Biz Rossiya tomonidan taklif etilgan BRICS don birjasi tashkil etilishini, uning keyingi rivojini va agrar sohaning boshqa sohalarini ham qamrab olishini qo‘llab-quvvatlaymiz;
- Biz koinotda qurol joylashtirishning oldi olinishini qo‘llab-quvvatlaymiz;
- Biz rivojlanayotgan davlatlarning global jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlashga chaqiramiz, shuningdek, Global Janub mamlakatlarining BRICS tashkilotiga bo‘lgan qiziqishini qutlaymiz;
- Biz Jahon savdo tashkilotining islohotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar haqidagi qarorni qutlaymiz.
Argentinada soliq xizmati tugatildi
Argentinada soliq xizmati – davlat daromadlari bo‘yicha federal idora tugatildi.
Prezident Xaver Mileyning ofisiga ko‘ra, idora argentinaliklarni «axloqsiz ravishda ta’qib qilib» mamlakatdagi «iqtisodiy erkinlikka to‘siq bo‘lgan».
Uning o‘rnida «soddalashtirilgan» Daromadlar va bojxona agentligi tashkil etilishi e’lon qilinadi.
Yangi agentlik soliq yig‘ish va bojxona monitoringi sohasidagi funksiyalarnigina saqlab qoladi. Shtat birliklari soni uchdan bir qismga kamaytiriladi.
Argentina prezidenti ma’muriyatiga ko‘ra, AFIP'ni tugatish «argentinaliklarning iqtisodiy va tijoriy erkinligiga to‘siq bo‘lib kelayotgan keraksiz byurokratiyani yo‘q qilish uchun» kerak.
«Har bir argentinalikka tegishli bo‘lgan narsa faqat uniki, boshqa hech kimga tegishli emas. Hech bir idoraga argentinalikka o‘z mulki bilan nima qilish kerakligini aytish huquqi berilmasligi kerak», — degan Adorni.
3000 dan ortiq soliqchi xodimlar avvalgi hukumat tomonidan «noqonuniy yollangani» uchun ishdan bo‘shatiladi. Bu esa yiliga taxminan 6,5 mln dollarni tejash imkonini beradi.
2023 yil dekabrdan Xaviyer Miley Argentinaning yangi prezidenti sifatida ish boshlagandi. U saylovchilarga davlatning fuqarolar hayotiga aralashuvini minimal darajaga keltirishga va’da bergan edi.
Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari
AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiya armiyasining Ukrainadagi janglaridagi kunlik yo‘qotishlariga bag‘ishlangan ma’lumotni ochiqladi.
AQSh prezidenti ma’muriyati qoshidagi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbining ma’lum qilishicha, Ukrainada har kuni 1200 dan ortiq rossiyalik askarlar yo halok bo‘lishadi, yoki yaralanadi. U yo‘qotishlarni «chindan ham tarixiy miqdorda», deya baholagan.
«Hech qanday shubha yo‘qki, Rossiya kuchlari jang maydonida favqulodda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda», — degan Kirbi.
U shuningdek, Moskvaning yuritayotgan siyosati nafaqat harbiylar o‘rtasida yo‘qotishlarga, shuningdek Rossiyaning xalqaro maydondagi nufuziga ham salbiy ta’sir o‘tkazayotganini qayd etgan.
Biroq Kirbining keyingi so‘zlarini Qozonda o‘tkazilgan BRICS sammiti chippakka chiqaradi. Ushbu xalqaro anjumanga 36 davlat vakillari to‘plangan. Xitoy, Hindiston, Turkiya va boshqa davlatlar yetakchilari shaxsan tashrif buyurishgan.
Oq uy tomonidan bunday keskin baholash Janubiy Koreya razvedkasining KXDR Moskvani qo‘llab-quvvatlash uchun 1500 nafar askarini jo‘natgani va yana umumiy hisobda 10 ming askar jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rayotgani fonida yangradi.