IIV Jamoat xavfsizligi departamenti 18 yoshdan oshgan shaxslar tomonidan sodir etilgan kvadrobika harakatlari mayda bezorilik sifatida malakalanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, kvadroberlar ko‘chada o‘zga shaxslarga tashlansa yoki erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa, bunday xatti-harakatlar ham mayda bezorilik deb baholanadi.
Mazkur harakatlar bilan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochishga sabab bo‘ladi. Ushbu modda bilan ayblangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 125 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortilishi yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHM 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
Kvadrobika — bolalar va o‘smirlar orasida ommalashgan trend bo‘lib, xobbi, submadaniyat va fitnes qorishmasi. Kvadroberlar hayvonlarning niqobini kiyadi, dum taqadi va hayvonlarga taqlid qilib, 4 oyoqda yuradi va sakraydi.