Senat yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonundagi o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatda davlat sirlarini himoya qilish 1993 yil 7 mayda qabul qilingan “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun asosida tartibga solinadi. Mazkur qonun mutaxassislar tomonidan tahlil qilinganida, unda qayta o‘rganib chiqilishi va takomillashtirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlangan.
“Xususan, qonunda davlat sirlarini himoya qilish sohasida organlar vakolatlari, maxfiylik darajalari, ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari, davlat sirlariga ruxsat va huquqni rasmiylashtirish asoslari aniq belgilab berilmagan. Shu bois, ushbu qonun asosida qabul qilingan qonunosti hujjatlarda davlat sirlaridan foydalanish va ular bilan ishlash turlicha talqin etilmoqda.
Shuningdek, davlat sirlari bilan ishlash va ularni himoya qilish tartibi, maxfiylik rejimini ta’minlash va maxfiy ish yuritishni tartibga solish Vazirlar Mahkamasining bir qator maxfiy qarorlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorning maxfiyligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning davlat sirlaridan foydalanish huquqini yetarli darajada bilmasliklariga sabab bo‘lmoqda.
Davlat sirlari bilan tanishish va tanishishga ruxsat berish tartibi, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar toifalari, davlatlar o‘rtasida davlat sirlarini o‘zaro almashish tizimi ham amaldagi qonunda tartibga solinmagan. Bu bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik va axborot almashish siyosati talablariga javob bermayapti.
Qolaversa, davlat sirlariga tegishli ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan. Oqibatda ma’naviy eskirgan, noaktual bo‘lgan hujjatlar arxivlarda yig‘ilib borib, ularning taqdiri hal qilinmasdan qolmoqda”, dedi ma’ruzasida Tolibjon Madumarov.
Qayd etilishicha, bu kabi va boshqa muammolarni bartaraf etish maqsadida DXX tomonidan “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi, DXX hamda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning sohadagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Bugungi kunda amaldagi qonun bo‘yicha faqat DXXning davlat sirlaridan foydalanish sohasidagi vakolatlari belgilangan edi.
Davlat sirlariga kiritilgan ma’lumotlar to‘rt toifaga (harbiy sohadagi, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohalardagi, razvedka, kontrrazvedka, tezkor qidiruv faoliyati va boshqa davlat xavfsizligi yo‘nalishlariga hamda iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohalariga oid) bo‘linib, ularning chegaralangan ro‘yxati tasdiqlanyapti.
“Amalda ushbu ro‘yxat hukumatning 1994 yildagi qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maxfiy grifda berilgan. Ushbu ro‘yxatning qonun bilan ochib berilishi bugungi kunda mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik siyosati talablariga mos keladi.
Qonunda fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga bo‘lgan ruxsatnomani rasmiylashtirish asoslari, davlat sirlaridan foydalanishga ruxsatnoma berishning alohida tartibi, fuqarolarga davlat sirlaridan foydalanishga ruxsatnoma berishning rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.
Jumladan, davlat sirlaridan foydalanish huquqi 18 yoshga to‘lgan shaxslarga berilishi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmaganlarga esa ruxsatnoma xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston qonunchiligi talablarini bajarish sharti bilan berilishi mustahkamlab qo‘yilyapti”, deya ta’kidladi Madumarov.
Qonunda maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati (favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquklari buzilishi va shu kabi boshqa ma’lumotlar) va ushbu ma’lumotlarni maxfiylashtirish bo‘yicha asossiz qaror qabul qilinganlik bo‘yicha javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan. Shuningdek, fuqarolar shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishi man etilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.