“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol

Jamiyat 12:11 / 23.10.2024 23160

Ma’mura Yo‘ldosheva 36 yoshda. Oilali, uch nafar farzandning onasi. U AQShda bakalavriat va magistraturani tugatgan. Ko‘pchilik uning o‘zbekistonlik ayollar ichida birinchi bo‘lib IELTS’dan 9 ball olganini Amerikada yashagani bilan bog‘laydi. Biroq uning o‘zi bu fikrga qo‘shilmaydi. Ma’mura Kun.uz bilan suhbatda qanday qilib bunday natijaga erishgani, ushbu yo‘ldagi mashaqqatlari haqida so‘zlab berdi.

“To‘rt marta imtihon topshirganman”

IELTSʼdan 4 marta imtihon topshirganman. Birinchi martasida 8 ball chiqqan, ikkinchi, uchinchi urinishda 8,5 ball va to‘rtinchi bor imtihonga kirganda 9 ballni qo‘lga kiritganman. O‘zbekistonda ko‘pchilik meni Amerikada yashab kelganim uchun 9 ball oldi, deb o‘ylaydi. Amerikada 24 yil yashaganmiz. 11 yoshimda otamning ilmiy ishlari sababli bu davlatga oilaviy ko‘chib ketganmiz. O‘shanda otamdan tashqari hech birimiz ingliz tilini bilmas edik. Maktabda o‘qish jarayonida bu tilni atrofdagilardan o‘rgana boshlaganman, 1 yil ichida tilni tushunib, boshqalar bilan gaplasha olish darajasiga chiqqanman. Aslida ingliz tilida so‘zlasha oladiganlarning hammasi ham IELTSʼdan yaxshi natijalarni qayd eta olmaydi. Sababi IELTS alohida tayyorgarlik ko‘riladigan, natija uchun vaqt talab qiladigan imtihon. Unda faqatgina so‘zlashish emas, yozish, eshitish, grammatikani qay darajada bilishingiz, mantiqiy fikrlashingiz sinovdan o‘tkaziladi. Ya’ni Amerikada hayot kechirib, ingliz tilida erkin gaplashish boshqa, IELTS imtihonlaridan yuqori ball olish esa umuman boshqa narsa.

“Kelin, ona va ustoz rolida testga tayyorgarlik oson kechmadi”

IELTSʼga to‘rtinchi bor hujjat topshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtimda uchinchi farzandimga homilador edim. Shu tufayli uzoq vaqt davomida o‘tirib dars qila olmasdim. Vaqtdan yutqazmaslik uchun turli mavzudagi inglizcha suhbatlarni eshitardim, yangiliklarni o‘qirdim. Uy yumushlari, bolalarga qarash, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish, o‘quvchilarga dars berish bilan bir qatorda o‘z ustimda ishlash – hammasiga birdek ulgurish oson bo‘lmagan, albatta. Kechqurunlari audioyozuvlarni tinglab dars qilib, kitob ustida uxlab qolardim. Bunday vaziyatda insonga kuchli iroda, natijaga erishish uchun ichki xohish kerak bo‘ladi. Shuningdek, oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega. Turmush o‘rtog‘im dunyoqarashi keng inson bo‘lgani uchun menga doim yordam bergan, ilmni qadrlaydi. Oilaviy qadriyatlarimizga ko‘ra, ayollar birinchi navbatda farzandlariga namunali ona bo‘lishi uchun ham o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi kerak. O‘z yo‘nalishimdagilarga raqobatchi bo‘lish uchun emas, izlansa, mehnat qilsa, katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTSʼdan maksimal ball olishga harakat qildim. Tayyorgarlik paytida avval topshirgan imtihonlarimdagi natijalarimni tahlil qildim. Ularda qilgan xatolarimni o‘rganib, aynan shular ustida ishlash orqali mustaqil ravishda IELTS natijamni 8,5 dan 9 ballga ko‘tardim.

“Pandemiya vaqtida O‘zbekistonga qaytdik”

Karantin vaqtida vatanga qaytdik. O‘zbekistonga kelgan dastlabki paytlarimizda nima ish qilishni bilmay qoldim. Sababi bu yerda qanday ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilganidan bexabar edim. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘qitish tizimida katta farq bor, bundan birmuncha qiynaldim. Dars uslublarini o‘rganish va tahlil qilish uchun Toshkentdagi taniqli o‘quv markazlariga o‘quvchi sifatida borib ko‘rdim. Ulardan biriga yoshim katta bo‘lgani uchun qabul qilishmadi. Boshqa birida esa o‘qituvchidan ko‘proq narsani bilishimni sezib qolishganidan keyin haydab chiqarishdi. Fikrimcha, bunday usulni qo‘llash xato, ta’lim maskanlari bilim olishni xohlagan barcha uchun teng imkoniyatlarni yaratishi, undagi o‘qituvchilar raqobatga tayyor bo‘lishi kerak.

Poytaxt markazidagi ko‘pchilikka tanish yana bir o‘quv markazida ingliz tilidan dars berayotgan yosh o‘qituvchining darsida qatnashdim. Qiziq voqea bo‘ldi: o‘qituvchi o‘quvchining to‘g‘ri talaffuz qilgan so‘zini noto‘g‘ri deya baholab, unga o‘zining talqinidagi xato talaffuzni singdirdi. Uning qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini aytib yuborishimga bir baxya qolgan. Ammo kuzatuvchi sifatida borganim uchun kamchiliklarni o‘rganib, jimgina qaytganman. Fikrimcha, o‘quv markazlarida dars berayotgan o‘qituvchilar faoliyatini ham nazorat qilib turish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak.

So‘zlarni robotga o‘xshab yodlaydi, ammo bitta gap tuzishni bilmaydi”

IELTSʼga tayyorgarlik ko‘rayotganlar yangi so‘zlarni ko‘p o‘rganadi, ammo o‘sha so‘zlar ishtirokida biror gap tuzish so‘ralganda to‘xtab qoladi. Robotga o‘xshab yodlashadi, mazmunini mantiqan anglab, bir-biriga bog‘lash masalasida esa oqsab qolishadi. Eng katta kamchiliklardan biri ham shu, aslida. O‘quvchilarim bunday vaziyatga tushib qolmasligi uchun dars mobaynida yangi so‘zlarni o‘rgatayotganda ulardan she’r yoki matn, insho, dialoglar tuzishni topshiriq sifatida beraman. Bu usul imtihon jarayonida vaqtdan yutishga, so‘zlarni to‘liq anglashga yordam beradi. Mantiqan fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi.

IELTSʼdan maksimal ball olish uchun 5 ta layfhak

Xalqaro ingliz tilini test qilish tizimidan yuqori ball olish uchun birinchi navbatda, imtihon topshirish sanasini aniq belgilab, shunga ko‘ra reja tuzing. IELTSʼning ikki turi bor: Academic va General training, bularning imtihon tizimi bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun, o‘zingizga kerakli versiyani avvaldan to‘g‘ri tanlashingiz lozim. Namunaviy sinov testlarini yechib, hozirgi bilim darajangizni tekshiring, bu orqali qaysi bo‘limlar ustida ko‘proq ishlashingiz zarurligi ma’lum bo‘ladi, ayni shu faktorlar asosida tayyorgarlik rejasini tuzish zarur.

Ikkinchi layfhak: iloji boricha ko‘proq ingliz tili ona tilisi bo‘lgan so‘zlashuvchilar (native spiker)ni eshiting. Bu orqali so‘zlashuv(speaking)da tabiiy aksent va talaffuzni o‘rganasiz, tinglash (listening)da tushunish qobiliyatingiz oshadi. Uchinchi maslahat: o‘qish (reading)da gaplarning tuzilish strukturasini yaxshilab o‘rganing. Mazkur usul matnni yaxshiroq anglash va savollarga aniq javob berishga imkon yaratadi.

To‘rtinchi layfhak: vaqt taqsimotiga o‘zingizni moslashtiring. Masalan, o‘qish bo‘limi (reading)da turli murakkab matnlar bilan tanishing, vaqtni boshqarishni mashq qiling. So‘zlashish (speaking) bo‘yicha vaqtga qarab savollarga javob berishga tayyorlaning. Imtihonda vaqt masalasi muhim omil, kuchli tayyorgarlik ko‘rganingiz bilan dedlaynga amal qilmasangiz, harakatlaringiz samarasiz yakunlanadi.

Beshinchi layfhak: imtihonga o‘zingizni ruhan kuchli tayyorlang. O‘zbekistonda IELTS topshirayotgan ko‘plab o‘quvchilarda qo‘rquv bo‘ladi. Bu oddiy imtihon, qo‘rqish kerak emas, undan yaxshi ball ola olmaslik bilan hayot tugab qolmaydi. Hayajonni yengish va konsentratsiyani jamlashga yordamlashuvchi mashqlarni bajaring. Imtihondan avval to‘yib uxlang.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mamatjonov,
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: