Belarusda prezidentlik saylovi sanasi belgilandi

Jahon 19:23 / 23.10.2024 4014

Vakillar palatasi (Belarus parlamentining quyi palatasi) navbatdagi prezidentlik saylovi sanasi haqida qaror qabul qildi. Saylov 2025 yil 26 yanvarida bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi BelTA.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Igor Karpenkoning aytishicha, komissiya saylov kampaniyasi boshlanishiga hozirdanoq tayyor.

Belarus prezidenti 5 yil muddatga saylanadi. 2022 yilgi referendumdan so‘ng mamlakatda prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirildi. Shunday qilib, endi davlatning eng yuqori lavozimiga faqat Belarusda tug‘ilgan, kamida 40 yoshga to‘lgan va saylovdan oldin kamida 20 yil davomida Belarusda doimiy yashagan fuqarolar nomzod bo‘lishi mumkin.

Respublikada so‘nggi saylovlar 2020 yil 9 avgustda bo‘lib o‘tdi. Belarus Markaziy saylov komissiyasi 80,1 foiz ovoz bilan Aleksandr Lukashenkoni g‘olib deb topdi. Uning raqibi Svetlana Tixanovskaya rasman 10 foiz ovoz to‘pladi. Saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin mamlakatda bir necha kun davomida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Tixanovskaya mamlakatni tark etdi va unga qarshi bir necha jinoiy ish ochildi.

Amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 1994 yildan beri - ketma-ket olti muddat prezident bo‘lib ishlagan. Joriy yil fevral oyida u yana o‘z nomzodini qo‘yish rejalari haqida gapirdi, biroq avgust oyida u fuqarolarni mamlakatda yangi prezident bo‘lishiga «ko‘nikishga» chaqirdi. Shu bilan birga, u belaruslarni «ertaga yoki indinga» tark etmasligini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: