Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Moldova xalqi va prezident Mayya Sanduni mamlakatning YeIga kirishi bo‘yicha referendumdagi ovoz berish natijalari bilan tabrikladi. «Rossiyaning gibrid taktikasi oldida Moldova mustaqil, kuchli va Yevropa kelajagini xohlashini ko‘rsatmoqda!» — deb yozdi fon der Lyayyen 21 oktyabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida.
Moldova Markaziy saylov komissiyasi tomonidan barcha byulletenlar sanab chiqilishi natijalariga ko‘ra, plebessit ishtirokchilarining 50,46 foizi Kishinyovning Yevropa yo‘nalishini yoqlagan.
20 oktyabr kuni Moldova fuqarolaridan «Siz Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tarafdorimisiz?» degan savolga «ha» yoki «yo‘q» deb javob berish so‘ralgan. Dastlab ikki lager o‘rtasidagi farq minimal edi. Biroq Kishinyovda va xorijda ovozlar hisoblanar ekan, Yevropa integratsiyasi muxoliflarining dastlabki ustunligi sezilarli darajada kamaydi.
Sandu Moldovada prezident saylovlarining birinchi turida g‘alaba qozondi
Moldovaning amaldagi prezidenti Mayya Sandu prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida o‘zining asosiy raqibi, mamlakat sobiq bosh prokurori Aleksandr Stoyanogloni ortda qoldirdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Sandu 41 foiz, Stoyanoglo 26 foiz ovoz to‘plamoqda, Markaziy saylov komissiyasi 96 foizdan ortiq ovozni sanab chiqqan.
Prezidentlik poygasining natijasi ikki haftadan so‘ng saylovning ikkinchi bosqichida hal qilinadi, chunki birinchi turda hech bir nomzod mutlaq ko‘pchilik (50 foizdan ortiq) ovoz ololmadi. Saylovning birinchi bosqichida 11 nafar nomzod ishtirok etdi.
Prezidentlik saylovlari kuni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish intilishlari bo‘yicha ham referendum bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 54 foizdan ortig‘i Yevropa integratsiyasiga qarshi ovoz bergan. Saylov va referendumda ishtirok etish ko‘rsatkichi jami 51 foizdan oshib, respublikaning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi qatnashdi.
«Moldova mamlakatimiz erkinligi va demokratiyasiga misli ko‘rilmagan hujumga duch kelmoqda», dedi Yevropaparast prezident Mayya Sandu Kishinyovda jurnalistlarga referendumning dastlabki natijalarini sharhlar ekan. U aralashuvda «milliy manfaatlarimizga dushman bo‘lgan xorijiy kuchlar bilan ishlayotgan jinoiy guruhlar»ni aybladi va ularning maqsadi «demokratik jarayonga putur yetkazish» ekanini qo‘shimcha qildi.