AQSh tez orada Xitoydagi sun’iy intellekt texnologiyalariga investitsiya kiritishni cheklaydi

Fan-texnika 01:16 / 22.10.2024 3052

AQShda Xitoydagi sun’iy intellekt texnologiyalariga investitsiya kiritishni taqiqlovchi qoidalar hozirda yakuniy ko‘rib chiqish bosqichida. Cheklovlar yaqin kunlarda kuchga kirishi kutilmoqda, deb xabar beradi Reuters.

AQSh prezidenti tomonidan 2023 yil avgustda imzolangan qarorda sun’iy intellektga kiritilayotgan ayrim investitsiyalar to‘g‘risida Moliya vazirligini xabardor qilish belgilangan bo‘lib, bu orqali amerikalik investorlarning imkoniyatlaridan Xitoy qurolli kuchlariga yordam berishni to‘xtatish maqsad qilingan.

Xabarda aytilishicha, Xitoydagi sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, mikroelektronika va kvant hisoblash texnologiyalari sohasiga kiritiladigan investitsiyalarni tartibga soladigan yakuniy qoidalar tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. U keyingi haftalar davomida e’lon qilinishi mumkin.

«Menimcha, ular buni saylovlarga qadar e’lon qilishsa kerak», — deydi g‘aznachilikning sobiq amaldori Lora Blek. Uning qo‘shimcha qilishicha, nazoratchi organ bo‘lgan g‘aznachilik bu turdagi yangi qoidalarni kuchga kirishidan kamida 30 kun oldin e’lon qiladi. 

Moliya vazirligi taklif etilayotgan qoidalarni iyun oyida qator istisnolar bilan e’lon qilib, jamoatchilikning unga munosabat bildirishga imkon yaratgandi. Qoidalar loyihasi AQShdagi jismoiy shaxslar va kompaniyalarga mas’uliyat yuklaydi, ularning tanzaksiyalari cheklanadi.

Avvalroq Apple kompaniyasining ichki tadqiqotlari ChatGPT aniqlik bo‘yicha Siri’dan 25 foizga ustun ekani ma’lum bo‘lgandi. Bundan tashqari, ChatGPT ko‘proq savollarga javob berishga qodir. Bu esa sun’iy intellektga asoslangan Apple Intelligence raqobatchilaridan taxminan ikki yil ortda qolgani haqidagi tasavvurlarni kuchaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: