Rossiyada bankning sobiq rahbari o‘ziga 3 mlrd rubl kredit ajratib, Monakoga qochib ketdi

Jahon 21:16 / 21.10.2024 8151

Moskva Meshchan sudi «Otkritiye» bankining sobiq boshqaruv raisi Dmitriy Romayevni sirtdan hibsga olish bo‘yicha hukm chiqardi, deb xabar beradi The Moscow Times.

Qayd etilishicha, Romayev Kiprda ro‘yxatdan o‘tkazilgan o‘zining Benirlia Holdings Limited firmasiga 3 milliard rubl (hozirgi kurs bo‘yicha 31 million dollar) kredit ajratgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, pullar «izsiz yo‘qolgan», Romayevning o‘zi esa xorijga qochib ketgan. Hozirda u Monakoda yashamoqda, agar Romayev Rossiyaga qaytsa, 10 yil muddatgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, pullar 2016-2017 yillarda o‘marilgan. U vaqtda Romayev bank kuzatuv kengashi raisi bo‘lgan va «Otkritiye xolding» moliyaviy guruhi direktorlar kengashi tarkibiga kirgan. Unga tegishli Kiprdagi firma qanday faoliyat bilan shug‘ullanishini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil 10 iyundan beri u tugatilish jarayonida.

Ta’kidlanishicha, «Otkritiye»ning boshqa top-menejerlari ham bankdan pullarni shu usulda yechib olib, chet elga qochib ketgan. Romayevga qarshi ish 2023 yilda ochilgan. Ammo u Rossiyadan oldinroq — 2020 yilda, Basman sudi moliyaviy guruhning sobiq egasi Boris Minsni 34 milliard rublni rastrata qilish ishi bo‘yicha sirtdan hibsga olishni buyurganidan keyin chiqib ketgan. Endi Rossiya IIV Interpol orqali Romayevni xalqaro qidiruvga berish niyatida. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Kipr fuqaroligini olgan.

Bankning sobiq rahbariyatiga qarshi tergov boshlanganiga olti yildan oshgan. Mins va Romayevdan tashqari firibgarlik ishlariga «Otkritiye xolding» guruhi asoschisi Vadim Belyayev va guruh boshqaruvining sobiq a’zosi Mixail Nazarichev ham jalb etilgan. Ular 100 milliard rulbni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Belyayev AQShga qochib etgan va familiyasini Volfsonga o‘zgartirgan. Nazarichev Isroilda yashayapti. Bundan tashqari, 2018 yilda Romayev o‘rniga bank boshqaruv raisi lavozimiga o‘tirgan Yevgeniy Dankevich ham qidiruvga berilgan.

2017 yilga qadar «Otkritiye xolding» Rossiyadagi eng yirik moliyaviy guruhlardan biri edi. Ammo keyinroq unga tegishli bank Markaziy bank sanatsiyasiga (korxonaning sinishiga yo‘l qo‘ymaydigan tadbirlar) tushgan. 2022 yilda «VTB» 340 milliard rublga «Otkritiye»ni sotib olgandi. 2022 yil iyulda Moskva Arbitraj sudi moliyaviy guruhni bankrot deb tan olgan, uning kreditorlar oldidagi qarzi 920 milliard rublga baholanadi.

Ko‘proq yangiliklar: