Madridda hukumatga qarshi ko‘p ming kishilik aksiya o‘tkazildi

Jahon 12:15 / 21.10.2024 1167

20 oktyabr, yakshanba kuni Madridda sotsialist Pedro Sanchesning amaldagi hukumatiga qarshi norozilik aksiyasiga minglab namoyishchilar qo‘shildi. Yig‘ilganlar muddatidan oldin saylov o‘tkazishni talab qilishdi.

Miting o‘ng va o‘ng markazchi partiyalar hamda tashkilotlar: xususan, muxolifatdagi yirik «Xalq partiyasi» va Vox partiyasi tomonidan tashkil etildi. Mitingning asosiy shiori: «Birdamlik, qadr-qimmat, qonun va erkinlik uchun». — deb yozadi AFP agentligi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda 25 ming kishi qatnashgan. Tashkilotchilar 400 000 namoyishchi haqida ma’lum qilishdi. Mitingda ishtirok etgan Vox partiyasi rahbari Santyago Abaskalning aytishicha, Sanchesning so‘l hukumati «ispanlarni vayron qilgan, ularga xiyonat qilgan va yolg‘on gapirgan». «Bugun ispanlar, hukumat nima deyishidan qat’i nazar, Pedro Sanches hokimiyatga kelganidan ko‘ra kambag‘alroq», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP.

Ispaniyada 2023 yildan beri hokimiyat tepasida ozchilik hukumati 

2023 yilgi parlament saylovlaridan so‘ng Ispaniyada yangi hukumatni shakllantirish borasida uzoq davom etgan munozaralar kuzatildi. O‘ng «Xalq partiyasi» va Vox partiyalari Ispaniya parlamenti quyi palatasida jami 350 o‘rindan 170 tasini, bosh vazir Pedro Sanchesning so‘l Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi va «Birlashuv» esa 152 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Yangi hukumatni shakllantirish vazifasi yuklatilgan bosh vazir nomzodi uchun ovoz berish chog‘ida «Xalq partiyasi» yetakchisi Alberto Nunes Feyxoo zarur bo‘lgan 176 ovozdan 172 ovoz yig‘di, Sanches esa kichik partiyalar yordamida kongressning 179 deputatidan rozilik olishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin u «Birlashuv» ishtirokida ozchilik hukumatini tuzdi, muxolifat yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: