“Kechasi ham taraq-turuq tinmaydi” - yashnobodliklar mahalladagi qurilishdan nega norozi?

O‘zbekiston 15:26 / 21.10.2024 8055

Toshkentning Jo‘rabek mahallasida 17 qavatli 4 ta uy qad rostlamoqda. Qurilish maydoni yaqinidagi hovlilar egalari tirbandlik oshishidan, yuqori qavatda yashovchilarning doimiy kuzatuvida bo‘lishidan xavotirda. Qurilish buyurtmachisi esa aholi ko‘rsatgan kamchiliklar bartaraf etib kelinayotgani, ishlar qonun doirasida ketayotganini aytmoqda.

Toshkentning Yashnabod tumani Jo‘rabek mahallasida “Islamabad Residence” MChJ tomonidan bir nechta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Jami 4 blokka bo‘lingan 17 qavatli binolarning barpo qilinishiga mahalliy aholi qarshi. Kun.uz ikkala tomonni tinglagan holda reportaj tayyorladi.

Tahririyatga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, dastlab bu yerda “Islom ota” masjidi uchun avtoturargoh qurilishi, keyin esa loyiha o‘zgarib, 2 qavatli savdo majmuasi bo‘lishi aytilgan. So‘ng bu loyiha ham bekor qilinib, hududda ikkita 7 qavatli turar-joy qad rostlay boshlagan. Ammo noma’lum sabablar bilan jarayon to‘xtatilib, shu bilan 2023 yilda ayni hozirgi uyning qurilishi boshlangan.

Bizdan hech kim so‘ramayapti”

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lganlarning asosiy e’tirozi – yo‘lning egallab olinayotgani va shu sabab tirbandlik muammosi kuchayayotgani bilan bog‘liq bo‘ldi.

Bu yerda “Ofiyat Residence” deb yozilgan turar-joy majmuasi qurilmoqda. Hozir 17 qavatli uy 4 ta blokda tushmoqda. Har bir qavatida 4 ta xonadon bo‘ladi, jami 60 ta xonadon bitta uyda. [Shulardan taxminan] 30 ta xonadonda avtomobil bo‘ladi. Bular [quruvchilar] yerosti avtoturargoh bo‘lishini aytishmoqda.

Avtoturargoh ham pulli bo‘lishi mumkin, bunga kimdirning qurbi bor, kimdirning xohishi yo‘q, olmaydi. Demak, kechasi, kunduzi ham mashinalarni shu atrofga tashlab ketishadi. O‘shanda mahallaga umuman kirib bo‘lmaydi. Shu holatda ham tirbandlik bo‘lib ketmoqda”, – deydi yashovchilardan biri.

3-4-blokdagi uylar ko‘chadan kirishga xalal beradi. Har xil vaziyat: ofat bo‘lib qolishi bor, yong‘in xavfsizligi bor. Kim biladi qanday ruxsat olgan? Yo‘lakka mashina uchun necha metr joy qoldiryapti, shularni inobatga olmagan.

Nima uchun yerusti o‘tish ko‘prigini qildi? Aholi shu yo‘ldan o‘tganda palakat, “nayezd” bo‘lmasin, yo‘l harakatida nogiron bo‘lib qolmasin deb [qurishgan]. Uyni ham shu ko‘prikka taqayapti, bu ham qurilish arxitekturasiga to‘g‘ri kelmaydi-da. Ko‘prikdan chiqib uyini tomosha qilib turadimi? Kvartira ham televizor bo‘lib qoldi-ku”, – deydi fuqaro.

[Qurilish bo‘yidagi yo‘l] o‘pirilib ketdi. Yo‘lga 2 ta mashina sig‘ardi, bemalol o‘tar edi, hozir 1 ta mashina zo‘rg‘a o‘tyapti. Ham bu yerda nogironlar maktabi bor, yoshi ulug‘lar bor... Men o‘zim 70 yildan beri shu yerda yashayman, bizga yo‘lni Qorasuvdan qurib berisharmish.

Bu yerda 250talik TP turibdi, xudo asrasin, 250 talik TPga shuncha abonent ulaganki, portlab ketsa, hammayoq yonib ketadi. [Qoidasida] aytilgan, mahallaga kelindimi, mahalla aholisidan yozma roziligini ol, bular bizdan yozma rozilikni olishmagan”, – deydi yana bir odam.

Aholi vakillaridan yana biriga ko‘ra, qurilish ishlari tunda ham olib borilayotgani odamlarning tinchini buzyapti.

2023 yil iyun oyida Olot ko‘chasidan 33-uyni yaxshi niyatlar bilan olganman, men bu yerda hamma tomonimni to‘sib, o‘rab olishlarini bilmagandim. Bilganimda olmasdim. Havo ham kirmayapti, quyosh ham tushmayapti, sutka davomida to‘liq taraq-turuq. Uyda 6 oylik nabiram bor, kechasi soat 2larda cho‘chib uyg‘onib ketadi. Bu ovozdan nafaqat biz, chaqaloqlar uyg‘onib ketyapti.

6-qavatdan tepasi hovlimni tepasidan ko‘rib turibdi, uyingizda nima qilyapsiz, qanday kiyimda yuribsiz, [hammasi ko‘rinadi]. Hatto, kunduzi u yerdan bu yerga o‘tsam ham qurilish ishchilari qo‘l siltaydi. Noqulay-da bu. Inson manfaatlari birinchi o‘rinda deb qo‘yganmiz, inson manfaatlari eng oxirgi o‘ringa chiqib ketdi. Bizdan odammisan, itmisan deb hech kim so‘ramayapti”, – deydi u.

Quruvchi: “Qurilish qonun hujjatlari doirasida amalga oshirilmoqda”

Qurilish buyurtmachisi – “Islamabad Residence” MChJning ichki nazorat bo‘yicha vakili Hamidulla Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya qurilish ishlarini tegishli hujjatlar asosida, qonunchilikka muvofiq olib bormoqda.

Mahalla bizga avval ham chiqishgan. Birinchi shikoyatlarda ham ularga hujjatlarni ko‘rsatganmiz. Shahar prokuraturasiga yozishgan, u kamchiliklarni biz albatta bartaraf qilganmiz. Hozirgi kunda shu holatlar yana qaytarilmoqda. “Yo‘lni to‘sib qo‘ygan” deyishadi. Yo‘l nimaning hisobiga to‘siladi, bizning qurilishimiz yonidan “Islom ota” masjidi bor, 5 mahal namoz uchun xodimlar kelishadi. Ularga mashinangizni qo‘ymang deyolmayman-ku. U ko‘cha hammaniki.

Qurilish bo‘yicha bizning chegaramiz bor, chegara bo‘yicha o‘rab olganmiz. Kengashdan, shahar arxitekturadan ruxsatnomamiz bor, kadastrimiz bor. Shu me’yorlar asosida qilinmoqda. Yo‘lni egallab olmaymiz, u kengayadi. Hozirgi kunda obektimizning qurilishi ketayotgani uchun chegaralarimiz bor”, – dedi Nabiyev.

Suhbatdoshimiz uyning yuqori qavatlaridan hovlilar kaftdek ko‘rinib turishiga to‘xtalarkan, bunday masofada qurilish qilish shaharsozlik normalari va qoidalariga zid emasligini bildirdi.

Hozirgi kunda shu talablar bo‘lyapti, lekin ko‘p joyda, bitta bizning obektimizda emas. ShNKda qonun-qoida, radiusi bor. Inson masofani to‘g‘ri ko‘rishi mumkin, tepadan pastga qarasangiz, u masofa uzoqlashadi. O‘zining radiusida qarasangiz, u hovli ko‘rinmaydi. Eng minimal masofasi – “dom”dan aholi yashaydigan joygacha 55 metr. Bizdan shu masofa talab etilgan, qilingan”, – dedi u.

Suhbatdan so‘ng kompaniya qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining obektni ro‘yxatdan o‘tkazgani haqidagi ko‘chirmasi, Qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining xulosasi, ekologik ekspertiza xulosasi va aholi nomidan rozilik sifatida “Jo‘rabek” MFY raisi imzo chekkan protokolni taqdim qildi.

Eslatib o‘tamiz, mahalla raislari aholi nomidan qurilishga rozilik xati berishi, keyinchalik bu mahallada yashovchilar qurilishdan norozilik bildirishi holatlari avval ham ko‘p bora kuzatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: